Navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikat sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirildi

Navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikat sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirildi

Pedagoglar uchun navbatdan tashqari attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish undiriladigan yig‘im miqdori ikki baravar kamaytirildi. Shuningdek, navbatdagi majburiy attestatsiya va kasbiy sertifikatlash sinovlarida birinchi marta ishtirok etish bepul bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qaroriga asosan navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi etib belgilandi.

 

Ma’lumki, navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda kasbiy sertifikatlash sinovlariga murojaat yuborishda davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undirilar edi.

 

Shu bilan birga, navbatdagi majburiy pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida birinchi marta ishtirok etayotgan pedagoglar uchun sinovlar bepul tashkil etilishi amaldagi tartibda saqlanib qolmoqda.

 

Pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiya yoki kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun murojaatlarni quyidagi usullar orqali yuborishlari mumkin:

 

  • pedagog.uzedu.uz platformasi orqali;
  • Davlat xizmatlari markazlari orqali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali.

 

Xabaringiz bor, ayni paytda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilinmoqda. Murojaatlar 31-iyulga qadar davom etadi.

 

Shuningdek, avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka (test) sinovlarida ishtirok etish uchun qabulni 1-avgustdan boshlash rejalashtirilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchi, stajyor-tarbiyachi, psixolog hamda tegishli malaka toifasiga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar uchun ham navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.

 

Navbatdan tashqari o‘tkazilayotgan kasbiy sertifikatlash sinov topshiriqlari spetsifikatsiyasi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.