Kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun hujjatlar qabuli 31-iyulga qadar davom etadi

Kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun hujjatlar qabuli 31-iyulga qadar davom etadi

Xabaringiz bor, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan stajor-o‘qituvchilar hamda malaka toifasiga ega bo‘lmagan pedagoglar kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun 31-iyulga qadar hujjat topshirishlari mumkin. Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabariga ko‘ra, kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida ishtirok etish uchun arizalar 2026-yil 1–31-iyul kunlari davomida qabul qilinadi. Murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali yuborilishi mumkin.

 

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qarori asosida joriy etilgan bo‘lib, u umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga ilk bor ishga qabul qilingan stajor-o‘qituvchilar hamda tegishli malaka toifasiga ega bo‘lmagan pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etishni nazarda tutadi.

 

Shuningdek, joriy yilning mart–iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida 56 balldan kam natija qayd etgan yoki uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmagan stajor-o‘qituvchilar ham ushbu bosqichda qayta hujjat topshirish imkoniyatiga ega.

 

Navbatdan tashqari o‘tkazilayotgan kasbiy sertifikatlash sinov topshiriqlari spetsifikatsiyasi

 

Eslatib o‘tamiz, hukumatning yangi qarori bilan 2028/2029-o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan ayrim talabalarga kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish huquqi berilishi haqida xabar bergan edik.