2028/2029-o‘quv yilidan boshlab ayrim pedagogika oliygohlarining xalqaro dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Hukumatning 2026-yil 24-iyun kuni “Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 321-son qarori qabul qilindi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun haftada bir kun pedagogika oliy ta’lim tashkilotida, 5 kun maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘lov-shartnoma asosida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavriat bosqichida dual ta’lim shaklida o‘qish joriy etiladi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavrlar tayyorlash jarayonida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar shakllantiriladi.
Pedagog kadrlar tayyorlaydigan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan bakalavr bosqichi talabalarining bilimlari har yili tasdiqlangan reja-jadval asosida tashqi diagnostikadan o‘tkazib boriladi.
2028/2029-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029/2030-o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Bunda dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qishga davlat va (yoki) xususiy bog‘chalarida kamida 3 yil davomida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishning amaldagi tartibiga muvofiq o‘tkaziladigan test sinovlaridan o‘tkaziladi.
Dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida pedagogika oliy ta’lim tashkilotlariga faqat tegishli hududdagi bog‘chalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinadi.
Avvalroq, maktabgacha ta’lim pedagoglari 1+5 dual ta’lim bo‘yicha o‘qishga ariza topshirishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati

