Nyu-York shahridagi davlat maktablarida 8-sinfgacha, ya’ni odatda 13–14 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishi taqiqlanadi. Taqiq kelasi haftadan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
AQSHda Nyu-York shahrida o‘qituvchilar va ota-onalar maktablarda sun’iy intellektdan foydalanish bolalarning ruhiy salomatligi va fikrlash qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Shu sabab davlat maktablarida 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishini taqiqlash bo‘yicha tartib kuchga kirishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu o‘zgarish AQShdagi eng yirik maktab okrugida texnologiyalardan foydalanish siyosatini keng ko‘lamda qayta ko‘rib chiqish doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur maktab tizimida yiliga qariyb 900 ming nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Yangi siyosatga ko‘ra, o‘quvchilar 3-sinfgacha, ya’ni 9–10 yoshgacha bo‘lgan davrda darslarda noutbuk va planshetlardan ham foydalanmaydi. Nyu-York shahridagi davlat maktablarida texnologiyalardan foydalanish siyosati AQShning boshqa hududlarida ham diqqat bilan kuzatiladi.
O‘qituvchilar va ota-onalar maktablarda AI asosidagi ta’lim dasturlaridan foydalanishga qarshi chiqib, bu bolalarning ruhiy salomatligi va kognitiv rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirishgan. Xususan, fikrlash jarayonini dasturiy ta’minotga topshirish holati tadqiqotchilar tomonidan “kognitiv taslim bo‘lish” (cognitive surrender) deb atalmoqda. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishning atrof-muhitga ta’siri ham xavotir uyg‘otmoqda.
AI’dan foydalanishga faqat yuqori sinflarda ruxsat beriladi
The Guardian nashrining yozishicha, sun’iy intellektdan foydalanishga AQSh ta’lim tizimida 9-sinfdan boshlanadigan yuqori sinflarda ruxsat beriladi. Biroq undan foydalanish ham texnologiyaning o‘zini o‘rganish kabi muayyan maqsadlar bilan cheklanadi.
Psixologik yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan “AI hamroh chatbotlar”idan foydalanish ham taqiqlanadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, o‘qituvchilar darslarni tayyorlash yoki xabarlar yozish kabi vazifalarda AI’dan foydalanishi mumkin. Biroq ularga o‘quvchilarning topshiriqlarini baholash uchun sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlanadi.
Nyu-York Ta’lim departamenti 6–8-sinf o‘quvchilari uchun dars vaqtida ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqtni 45 daqiqagacha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun esa 30 daqiqagacha qisqartirishni tavsiya qilmoqda.
Biroq AI’dan foydalanishni qanday nazorat qilish masalasi ochiq qolmoqda, chunki o‘quvchilar undan maktabdan tashqarida ham foydalanishi mumkin.
Avvalgi qoidalar ota-onalar va o‘qituvchilar noroziligiga sabab bo‘lgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qoidalar joriy yil mart oyida e’lon qilingan dastlabki konsepsiyadan keyin ishlab chiqilgan. Unda AI’dan qaysi vazifalarda foydalanish mumkinligini aniqlash uchun “svetofor” tizimidan foydalanilgan.
2023-yilda maktab tizimida o‘quvchilarning ChatGPT’dan foydalanishi taqiqlangan edi. Biroq bu taqiq bir yildan kam vaqt o‘tib bekor qilingan.
2026-yilda ishlab chiqilgan dastlabki qoidalar o‘quvchilarga AI’dan tadqiqot, izlanish va ijodiy loyihalarda foydalanishga ruxsat bergan. Bu esa ko‘plab ota-onalar va o‘qituvchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.
Shahar Ta’lim departamenti mart oyidagi dastlabki konsepsiyadan keyin bildirilgan fikrlarni hisobga olgan holda yanada keng qamrovli “qo‘llanma” ishlab chiqishni rejalashtirgan.
Avvalroq, AI tufayli Daniyada maktab o‘quvchilari yozma ishlarini endi og‘zaki himoya qilishlari haqida xabar berilgandi.
