Qashqadaryolik abituriyent qiz muddatidan avval maksimal ball to‘plab, talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Qashqadaryolik abituriyent qiz muddatidan avval maksimal ball to‘plab, talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani 29-maktab 11-sinf bitiruvchisi Davronova Sug‘diyona Davlat qizi muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega. Ayni dam bitiruvchi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi bo‘lishni maqsad qilgan.

 

Sug‘diyonaning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 10-sinfda o‘qib yurgan kezlarida paydo bo‘lgan. Dastlab bu shunchaki maqsad bo‘lgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan u hayotining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan.

 

Sertifikat olish haqida ilk bor 10-sinfda jiddiy o‘ylay boshladim. O‘sha paytdan boshlab o‘zimga aniq maqsad qo‘ydim. Birinchi sertifikatimni esa 2024-yil oktyabr oyida qo‘lga kiritdim. Shu natija menga yanada katta ishonch berdi va qolgan fanlardan ham sertifikat olish uchun tinimsiz harakat qildim, — deydi u.

 

Bugungi kunga kelib Sug‘diyona o‘zbek tili va adabiyot fanidan A+, tarix fanidan A, ingliz tilidan CEFR B2, matematika fanidan esa C darajali sertifikatlarni qo’lga kiritdi. Endi esa u Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olib, huquq sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishni orzu qilmoqda.

 

Yuqori natijalar tasodifan kelmagan. Har bir fan uchun alohida reja tuzilgan, tayyorgarlik muddati belgilangan va shu reja asosida muntazam ishlangan.

 

Sug‘diyona ingliz tiliga 9 oy, tarix faniga 4 oy, ona tili va adabiyot faniga 1 yil, matematika faniga esa 2 hafta davomida tayyorlangan.

 

Uning fikricha, har bir fan o’ziga xos yondashuvni talab qiladi. Ayrim fanlarda nazariy bilim muhim bo‘lsa, boshqalarida ko’proq test ishlash va amaliy mashqlar natija beradi. Shu sababli u barcha fanlarni bir xil usulda emas, balki ularning xususiyatidan kelib chiqib o’rgangan.

 

Tonggi soat 3:00 — muvaffaqiyat sari yo’l

 

Sug’diyonaning aytishicha, ko‘pincha u tonggi soat 3:00 da uyg‘onib, dars qilishni odat qilgan. Kun davomida maktab, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va mustaqil tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish esa ancha murakkab bo‘lgan.

 

Ba’zan darslarim juda ko‘payib ketardi. Ayrim hollarda maktabga bormasdan uyda qolib tayyorlangan kunlarim ham bo‘lgan. Asosan tunda o‘qirdim. Time-menejment bilan bog‘liq muammolarim ko‘p edi, ammo maqsadim meni to‘xtashga qo‘ymadi, — deydi u.

 

Uning aytishicha, tayyorgarlik davrida eng katta sinovlardan biri aynan vaqtni to‘g‘ri taqsimlash bo‘lgan. Har kuni bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘pligi sabab ba’zan dam olishga ham vaqt qolmagan.

 

Shu bilan birga, u faqat o‘quv markazidagi darslarga tayanib qolmagan.

 

U Telegram kanallari, YouTube platformasi va turli onlayn ta’lim resurslaridan muntazam foydalangan. Hatto yo‘lda ketayotganda yoki uy yumushlari bilan band bo’lganida ham vaqtini bekor o‘tkazmaganini bildirdi.

 

Doimo audiokitob tinglardim. Ish qilayotganimda ham, yo‘lda ketayotganimda ham qulog‘imda foydali audio bo‘lardi. Bu odat vaqt o‘tishi bilan hayot tarzimga aylandi.

 

Uning fikricha, kun davomida yig‘iladigan mayda vaqtlarni ham to‘g‘ri ishlata olgan o‘quvchi boshqalardan bir necha qadam oldinda bo‘ladi.

 

Eng samarali usul — reja va intizom

 

Bugungi yoshlarning ko‘pchiligi motivatsiya izlaydi. Sug‘diyonaning fikricha esa motivatsiyadan ham muhimroq narsa bor.

 

Oldindan aniq reja tuzish va o‘sha rejadan chiqmaslik kerak. Chalg‘ituvchi omillardan voz kechib, butun e’tiborni o‘qishga qaratish muvaffaqiyatning eng asosiy omillaridan biridir.

 

U tayyorgarlik davrida har kuni bajarilishi kerak bo’lgan vazifalarni yozib borar, kun yakunida esa ularni tahlil qilib, keyingi kun rejasini tuzar edi.

 

Har qanday katta natija ma’lum darajada qurbonlikni ham talab qiladi.

 

Haqiqatan ham uyqu rejimim izdan chiqqan edi. Lekin vaqt o’tishi bilan organizm bunga moslashadi. Shunga qaramay, imkon qadar barvaqt uxlab, ertaroq turib dars qilish eng samarali usul ekanini keyinchalik tushundim. O’shanda o’qish unumdorligi ancha yuqori bo’ladi, — deydi u.

 

Testdagi muvaffaqiyatning siri nimada?

 

Sug‘diyonaning fikricha, testda yuqori ball olish faqat bilimga emas, balki savolni to‘g‘ri tahlil qila olishga ham bog‘liq.

 

 Avvalo savolni diqqat bilan o‘qish kerak. Shoshilish ko‘p xatolarga sabab bo‘ladi. Keyin esa noto‘g‘ri variantlarni bosqichma-bosqich chiqarib tashlash eng samarali usullardan biridir, — deydi u.

 

Bu yilgi test savollariga ham ijobiy baho beradi.

 

O‘qigan odam uchun savollar unchalik qiyin emas edi. O‘qimagan odamga esa, albatta, murakkab tuyuladi. Savollar saviyali va adolatli tuzilgan edi.

 

‘‘Telefon meni chalg’itmadi, aksincha ustozim bo’ldi’’

 

 Telefon mening eng zo‘r ustozim bo’lgan, — deydi u.

 

Abituriyentning aytishicha, matematika fanidan YouTube orqali videodarslar tomosha qilgan, tarix va ona tili fanlaridan telefon orqali test ishlagan, ingliz tilini esa turli mobil ilovalar yordamida mustahkamlagan.

 

Shuningdek, u sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ham unumli foydalangan.

 

Sun’iy intellekt orqali tushunmagan mavzularimni qayta o’rgandim, testlarni tahlil qildim, qo’shimcha ma’lumotlar oldim. Zamonaviy texnologiyalardan to’g’ri foydalansa, ular juda katta yordam beradi, — deydi u.

 

Sug‘diyona bugun nafaqat sertifikat egasi, balki yosh ustoz ham hisoblanadi.

 

U ayni paytda ona tili va ingliz tili fanlaridan onlayn dars berib, o‘z tajribasini boshqa o‘quvchilar bilan bo’lishmoqda.

 

Uning aytishicha, dars berish jarayonida o’zi ham doimiy ravishda yangi bilimlarni o’rganmoqda va bu kelajakdagi faoliyati uchun muhim tajriba bo’lib xizmat qilmoqda.

 

Sug‘diyonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan farg‘onalik abituriyent yigit bilan suhbatlashgan edik.