Inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiya — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchi

Inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiya — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchi

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yuksak saviyada o‘tkazilgani Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

 

Dunyoning turli davlatlaridan kelgan investorlar, yirik biznes vakillari, xalqaro moliya institutlari va ekspertlarning Toshkentda jam bo‘lishi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan siyosatga berilgan yuksak bahodir.

 

So‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Bugun mamlakatimiz nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun Yevroosiyo hududining istiqbolli investitsiya manzillaridan biri sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas.

 

Forumda ilgari surilgan tashabbuslar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlarini yaqqol namoyon etdi. Xususan, kelgusida yiliga 15 milliard dollar hajmdagi turizm xizmatlarini ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini bugungi 3,5 milliard dollardan 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadlar mamlakat iqtisodiyotining ulkan salohiyatini ochib beradi.

 

Bu ko‘rsatkichlar shunchaki raqam emas. Ularning ortida minglab yangi ish o‘rinlari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, yuqori texnologiyalar, eksport salohiyati, xizmat ko‘rsatish madaniyati va, eng muhimi, yangi avlod mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj turibdi.

 

Bugungi global iqtisodiyotda investitsiyaning mazmuni ham tobora o‘zgarib bormoqda. Ilgari investitsiya deganda ko‘proq moliyaviy mablag‘, ishlab chiqarish uskunasi yoki infratuzilma tushunilgan bo‘lsa, bugun taraqqiyotning eng muhim omili sifatida inson kapitali maydonga chiqmoqda.

 

Jahon bankining “Changing Wealth of Nations 2024” hisobotida inson kapitali, ya’ni mehnat qilayotgan aholining kelajakdagi daromad salohiyati barcha daromad guruhlaridagi mamlakatlar uchun eng yirik boylik turi ekani, 2020-yilda u umumiy milliy boylikning 60 foizini tashkil etgani qayd etilgan.

 

Shuningdek, OECDning “The High Cost of Low Educational Performance” hisobotida PISA kabi xalqaro baholash dasturlari orqali o‘lchanadigan bilim va ko‘nikmalar iqtisodiy o‘sish bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha PISA natijalarini 25 ballga oshirishning o‘zi OECD mamlakatlari yalpi ichki mahsulotiga uzoq muddatda 115 trillion AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha iqtisodiy samara berishi mumkin.

 

Yanada muhimi, ta’lim sifati bo‘yicha 50 ball atrofidagi farq aholi jon boshiga YAIMning yillik o‘sish sur’atida qariyb 1 foiz punktlik tafovut bilan bog‘liq ekani ko‘rsatilgan. Bu esa bugungi ta’lim sifati ertangi iqtisodiy qudrat, investitsiyaviy jozibadorlik va milliy raqobatbardoshlikning eng muhim omillaridan biri ekanini anglatadi.

 

Aynan shu nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekistonda ta’lim tizimiga, ilm-fanga, raqamli texnologiyalarga va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan e’tibor mamlakat investitsiyaviy jozibadorligining eng muhim tarkibiy qismidir. Chunki investor faqat qulay soliq muhiti yoki infratuzilmaga emas, balki zamonaviy bilimga ega, xorijiy tillarni biladigan, texnologiyalar bilan ishlay oladigan, tashabbuskor va mas’uliyatli kadrlarga ham qaraydi.

 

Bu borada University of Business and Science ham mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va yoshlar uchun global imkoniyatlar yaratish yo‘lida aniq amaliy qadamlarni tashlamoqda. Universitetning AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya, Italiya, Vengriya, Polsha, Xitoy va boshqa davlatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi shunchaki oddiy kelishuvlar emas. Bu talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi akademik muhit, yangi tajriba, yangi ilmiy maktab va yangi kasbiy ufqlarni ochishga xizmat qilayotgan strategik jarayondir.

 

Xususan, Massachusetts Institute of Technology bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik doirasida sun’iy intellekt bo‘yicha “Universal AI” platformasi asosida 25 ming nafar talabani o‘qitish, shuningdek, UBSning 100 nafar professor-o‘qituvchisini MIT raqamli platformalari orqali malaka oshirishga jalb etish rejalashtirilgani universitetning raqamli transformatsiya va innovatsion ta’limga bo‘lgan strategik yondashuvini ko‘rsatadi.

 

AQShning Illinois Institute of Technology bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, “Powered by IIT” kurslari, Startup Bootcamp va tadqiqot stajirovkalari bo‘yicha kelishuvlar esa talabalarni global innovatsiya va biznes ekotizimiga olib kirishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, Istanbul Beykent universiteti, SEGi University, Wekerle International University, Shanghai Open University, Don Tonino Bello kolleji, Kyongbuk Science University, Dongshin University hamda Polsha oliygohlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar UBS talabalari uchun akademik almashinuv, qo‘shma dasturlar, xalqaro diplom, ilmiy tadqiqotlar, amaliyot va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish kabi imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

 

Bu jarayonning eng muhim tomoni shundaki, xalqaro hamkorlik universitet devorlari ichida qolib ketmaydi. U talabaning dunyoqarashini kengaytiradi, mehnat bozoridagi imkoniyatlarini oshiradi va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun global fikrlaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlaydi.

 

UBS tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori natija ko‘rsatgan talabalar uchun grantlar ajratish, 1000 nafardan ortiq talabaning bepul o‘qish imkoniyatidan foydalangani, til sertifikatlariga ega yoshlar uchun chegirma va stipendiyalar joriy etilgani ham inson kapitaliga qaratilgan sarmoyaning amaliy ko‘rinishidir. Kam ta’minlangan oila farzandlari va ayol-qizlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar esa ta’limdagi ijtimoiy adolat va teng imkoniyat tamoyillarini mustahkamlaydi.

 

Bugungi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bu yoshlarning bilimi, ularning kasbiy salohiyati, ilmiy izlanishga qiziqishi va xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topishiga yaratilayotgan imkoniyatlardir. Chunki zamonaviy iqtisodiyotning qaysi tarmog‘ini olmaylik turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish yoki raqamli texnologiyalar bo‘ladimi, ularning barchasi bilimli, tashabbuskor va zamonaviy ko‘nikmalarga ega kadrlarga tayanadi. Bugun tayyorlanayotgan har bir raqobatbardosh mutaxassis ertangi ishlab chiqarish samaradorligi, eksport salohiyati, innovatsion yechimlar va xalqaro hamkorlikning real natijasiga aylanadi.

 

Shu bois Toshkent xalqaro investitsiya forumida ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat iqtisodiy bitimlar va moliyaviy kelishuvlar, balki inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Chunki investitsiyalarning amaliy samara berishi, yangi loyihalarning barqaror ishlashi hamda xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar yaratish, eng avvalo, bilimli, malakali va tashabbuskor kadrlarga bog‘liq.

 

Shu ma’noda, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimizga jalb etilayotgan sarmoyalar ko‘lamini namoyon etish bilan birga, ushbu imkoniyatlarni taraqqiyotga aylantira oladigan inson kapitalini shakllantirish zaruratini ham yana bir bor ko‘rsatib berdi. Zero, Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi tabiiy resurslar yoki infratuzilmaning o‘zi emas, balki bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan inson kapitalidir.

 

Dilshod XOLMATOV,

University of Business and Science universiteti rektori