Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

Yangi o‘quv yili boshlandi. Talabalar darslardan tashqari vaqtini nafaqat hordiq chiqarish, balki yangi bilim olish, sport bilan shug‘ullanish va kursdoshlari bilan mazmunli o‘tkazishi mumkin. Toshkentda buning uchun turli parklar, kutubxonalar, muzeylar va teatrlar mavjud.

 

O‘quv yilining dastlabki kunlarida talabalar yangi muhitga moslashib, kursdoshlari bilan tanishmoqda. Darslardan bo‘sh vaqtda esa poytaxtdagi turli maskanlarga borib, vaqtni foydali tashkil etish mumkin.

 

Quyida talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin bo‘lgan maskanlarning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

 

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Toshkent Markaziy ekoparki — lokatsiya

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Kursdoshlar bilan ochiq havoda sayr qilish va birga vaqt o‘tkazish uchun ekoparklardan foydalanish mumkin. Bobur nomidagi Markaziy ekoparkda yugurish va velosiped yo‘laklari, futbol, badminton va voleybol maydonlari mavjud. Bu yerda sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish, shuningdek, ochiq havoda birga o‘tirib, piknik qilish mumkin. Ekoparkka kirish bepul.

 

Botanika bog‘i — lokatsiya

 

Toshkentdagi Botanika bog‘i ochiq havoda sayr qilish, tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish va kursdoshlar bilan piknik qilish uchun mos maskanlardan biri. Bu yerda turli hududlardan keltirilgan o‘simliklar kolleksiyasi bilan tanishish, xiyobonlar bo‘ylab sayr qilish va velosipedda yurish mumkin. Shuningdek, tropik va subtropik o‘simliklar o‘sadigan oranjereyaga ham tashrif buyurish mumkin.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Bog‘ Bog‘ishamol ko‘chasidagi 232b-uyda joylashgan. U dam olish kunlarisiz 09:00 dan 18:00 gacha, yozda esa 08:00 dan 19:00 gacha ishlaydi. Kirish chiptasi kattalar uchun 15 ming so‘mni tashkil etadi, talabalar uchun alohida chegirma mavjud emas. Oranjereyaga kirish 7 ming so‘m, velosiped ijarasi esa bir soat uchun 30 ming so‘m turadi. O‘z velosipedi yoki samokati bilan kirish uchun 40 ming so‘m to‘lanadi.

 

Ice City — lokatsiya

 

Qishki ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni yoqtiradigan talabalar uchun Next savdo markazidagi Ice City ham variantlardan biri. Bu yerda konkida uchish, chanada uchish va boshqa attraksionlardan foydalanish mumkin.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Ice City Next savdo markazining Bobur ko‘chasi, 6-uydagi binosida joylashgan. U har kuni 10:00 dan 21:30 gacha ishlaydi. Birinchi tashrifda 10 ming so‘mlik karta olinib, keyinchalik unga mablag‘ yuklash orqali attraksionlardan foydalaniladi. Masalan, yarim soat konkida uchish 55 ming so‘mni tashkil etadi.

 

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi — lokatsiya

 

Yangilangan muzeyda O‘zbekiston hududining qadimgi davrlaridan boshlab mustaqillik yillarigacha bo‘lgan tarixiga oid ekspozitsiyalar bilan tanishish mumkin. Muzeyda 350 mingdan ortiq eksponat saqlanadi, ekspozitsiyalar esa zamonaviy multimedia va interaktiv yechimlar bilan boyitilgan.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Talabalar kursdoshlari bilan muzeyga tashrif buyurib, tarixiy bilimlarini boyitishi mumkin. Muzeyda talabalar uchun kirish chiptasi 40 ming so‘m etib belgilangan.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi — lokatsiya

 

Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan va madaniyatga qiziquvchi talabalar uchun borib ko‘rishga arziydigan maskanlardan biri. Markaz ekspozitsiyalarida islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, XX asr hamda zamonaviy O‘zbekiston tarixi yoritilgan.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Bu yerda 2 mingdan ziyod eksponatga ega muzey, noyob qo‘lyozmalar, Usmon Mushafi namoyish etiladigan zal, katta kutubxona va ilmiy-ta’limiy maydonlar mavjud. Ekspozitsiyalarda multimedia, interaktiv panellar va audiogidlardan ham foydalanilgan.

 

Talabalar kursdoshlari bilan markazga tashrif buyurib, tarix va madaniyatga oid bilimlarini boyitishi mumkin. Kirish chiptalari 60 ming so‘mdan boshlanadi.

 

Amir Temur xiyoboni — lokatsiya

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni sayr qilish va shahar bo‘ylab madaniy yo‘nalish tashkil etish uchun qulay maskanlardan biri. Kursdoshlar bilan xiyobonda sayr qilib, suratga tushish, yaqin atrofdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurish mumkin. Amir Temur xiyoboni atrofida muzey, markaziy xiyobonlar va boshqa diqqatga sazovor joylar joylashgan.

 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — lokatsiya

 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi talabalarning darsga tayyorlanishi, mustaqil ta’lim olishi va kitob mutolaa qilishi uchun qulay maskanlardan biri. Bu yerda turli kitoblar, qo‘lyozmalar va elektron resurslardan foydalanish, shuningdek, o‘quv zallarida mustaqil ishlash mumkin.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Kutubxona Yunusobod tumanidagi Navoiy ko‘chasi, 1-uyda joylashgan bo‘lib, dushanbadan jumagacha 08:00 dan 21:00 gacha, dam olish kunlari esa 09:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.

 

Respublika bolalar kutubxonasi — lokatsiya

 

Toshkent markazidagi Respublika bolalar kutubxonasi kitob o‘qish va mustaqil ishlash uchun qulay maskanlardan biri. Tarixiy bino 2020–2023-yillarda rekonstruksiya qilingan bo‘lib, unda keng zallar, kovorking hududlari va kitoblar bilan ishlash uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

 

Kutubxonada imtihonlarga tayyorlanish, kitob mutolaa qilish yoki noutbukda mustaqil ishlash mumkin. Binoning tarixiy qismi va rekonstruksiya jarayonida saqlab qolingan XX asrga oid devoriy rangtasvirlarni ham tomosha qilish mumkin.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Tashrif buyuruvchilar uchun maxsus ID karta joriy etilgan bo‘lib, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi. Kirish bepul.

 

Kutubxona har kuni soat 10:00 dan 21:00 gacha ishlaydi. Kitob berish xizmati kutubxona yopilishidan 30 daqiqa oldin yakunlanadi.

 

Teatrlar

 

Kursdoshlar bilan teatr tomoshasiga borish ham darslardan tashqari vaqtni mazmunli tashkil etishning bir usuli. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, O‘zbek milliy akademik drama teatri, Muqimiy teatri kabi teatrlar faoliyat yuritadi. Talabalar repertuardan o‘zlariga ma’qul spektaklni tanlab, birgalikda tomosha qilishlari mumkin.

 

Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini qayerlarda mazmunli o‘tkazishi mumkin?

 

Shuningdek, ayni kunlarda Toshkentdagi teatr va madaniy maskanlarda turli spektakl, balet va ko‘rgazmalar ham bo‘lib o‘tmoqda. Ulardan ayrimlari:

 

  • “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” baleti — 17-sentyabr, 19:00, Davlat akademik katta teatri. Chiptalar 77 ming so‘mdan 220 ming so‘mgacha;
  • “Qo‘rqma” spektakli — 19-sentyabr, 17:00 va 19:00, Millat teatri. Chiptalar 50 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha;
  • “Muhabbat girdobi” musiqiy spektakli — 20-sentyabr, 18:30, O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri. Chiptalar 55 ming so‘mdan 77 ming so‘mgacha;
  • Vyacheslav-Yura Useinovning “Тут” ko‘rgazmasi — 13–20-sentyabr, “Ilhom” teatri;
  • “Jizel” baleti — 25-sentyabr, 19:00, Davlat akademik katta teatri. Chiptalar 77 ming so‘mdan 220 ming so‘mgacha.

 

Umuman, darsdan tashqari vaqtni qanday o‘tkazish talabaning qiziqishiga bog‘liq. Kimdir sport bilan shug‘ullanishni, yana kimdir kitob o‘qish yoki muzey va teatrlarga borishni afzal ko‘rishi mumkin. Toshkentda esa bunday mashg‘ulotlar uchun turli imkoniyatlar mavjud.

 

Sizningcha, Toshkentda talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yana qaysi maskanlarni ro‘yxatga qo‘shish mumkin? Takliflaringizni @talimxabarlariga_bot orqali yuboring.