25 nafar olim birlashib sun’iy intellektning ilm-fandagi xavfi haqida ochiq xato yozdi

25 nafar olim birlashib sun’iy intellektning ilm-fandagi xavfi haqida ochiq xato yozdi

25 nafar Fields medali sohibi sun’iy intellektning matematikadagi jadalligidan xavotir bildirdi. Olimlarning fikricha sun’iy ong murakkab masalalarni ham yechib,  ilm-fan taraqqiyotiga xavf tug‘dirmoqda.

 

Matematika bo‘yicha nufuzli Fields medali sohibi bo‘lgan 25 nafar olim sun’iy intellektning matematik masalalarni yechishdagi jadal rivoji ilm-fan taraqqiyotiga xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirdi. Olimlar bu haqda qo‘shma ochiq xatida ma’lum qildi.

 

Izoh: Fields medali — bu matematika sohasidagi eng nufuzli xalqaro mukofot boʻlib, uni koʻpincha “matematikaning Nobel mukofoti” deb atashadi.

 

Xatni 2006-yilgi Fields medali sohibi, taniqli matematik Terens Tao ham imzolagan. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda katta til modellari (LLM) — sun’iy intellekt tizimlarining matematik imkoniyatlari keskin oshgan bo‘lib, ular matematikadagi ayrim muhim ochiq muammolarni yecha oladigan darajaga yetgan.

 

Biroq olimlar sun’iy intellekt kompaniyalarining matematik masalalarni test sifatida yechish bo‘yicha poygasini tanqid qilgan. Ularning fikricha, masalani yechish matematikaning asosiy maqsadi emas, balki ilmiy natijaga erishish vositalaridan biridir. Fanning eng muhim jihati yangi g‘oyalar, usullar va tushunchalarni anglash hamda rivojlantirishdan iborat.

 

Olimlar sun’iy intellekt tomonidan tobora ko‘proq matematik masalalarning tez yechilishi natijasida “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri” javoblarni ommaviy ishlab chiqarishga urg‘u kuchayishidan xavotir bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, bunday yondashuv yangi matematik g‘oyalarni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ilmiy muhitga zarar yetkazishi mumkin.

 

Xatda yana bir masala — mualliflik va plagiat xavfi ham ko‘tarilgan. Olimlarning yozishicha, sun’iy intellekt yordamida olingan yechimlar ba’zan ularni to‘liq tushuntirish, yangi usullarni ajratib ko‘rsatish va avvalgi tadqiqotlarga to‘g‘ri havola berish uchun yetarli vaqt ajratilmasdan e’lon qilinmoqda. Bu esa ilmiy natijaning asl muallifini aniqlashni qiyinlashtirishi mumkin.

 

Shuningdek, mualliflar sun’iy intellekt yaratgan matematik g‘oyalarni fanga to‘liq singdirish uchun inson matematiklarining ishtiroki zarurligini ta’kidlagan. Ularning fikricha, g‘oyalarni muhokama qilish, soddalashtirish, avvalgi bilimlar bilan bog‘lash va keyingi avlod olimlariga yetkazish jarayoni insonlar o‘rtasidagi muloqotni talab qiladi.

 

Bundan tashqari, Fields medali sohiblari sun’iy intellektni mutlaqo rad etmayapti. Ular ushbu texnologiya haqiqiy matematik tadqiqotlarni kuchaytirishi va ilmiy izlanishlarni tezlashtirishi mumkinligini tan olgan. Biroq sun’iy intellektning matematikani rivojlantirishi yoki aksincha, unga zarar yetkazishi, asosan, texnologiyani boshqarayotgan insonlarning qarorlariga bog‘liq ekanini qayd etgan.

 

Olimlar muammoni matematiklar hamjamiyati, sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarayotgan kompaniyalar va keng jamoatchilik ishtirokida zudlik bilan muhokama qilishga chaqirgan. Ularning fikricha, matematikada kuzatilayotgan bu jarayon boshqa ilmiy va ijodiy kasblar duch kelishi mumkin bo‘lgan kengroq muammolardan darak beradi.