Magistrlik dissertatsiyalarini ikki talaba hamkorligida tayyorlashga ruxsat beriladi

Magistrlik dissertatsiyalarini ikki talaba hamkorligida tayyorlashga ruxsat beriladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq magistrlik dissertatsiyasini ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida tayyorlashga ruxsat etiladi.

 

Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 500-son qarori bilan oliy taʼlim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari belgilandi.

 

Unga ko‘ra, magistrlik dissertatsiyalari ilmiy tadqiqot ishining xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti, Fanlar akademiyasi yoki tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot yoxud ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida himoya qilinishi mumkin.

 

Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq magistrlik dissertatsiyasini ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida tayyorlashga ruxsat etiladi.

 

Bundan tashqari, magistrlik dissertatsiyasining mavzusi, qisqacha annotatsiyasi va himoya kuni oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

 

Dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi. Bunda magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy rahbar xulosasi hamda plagiatga yo‘l qo‘yilmaganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (sertifikat) taqdim etiladi. Shuningdek, dissertatsiya “Yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yilidan magistraturada mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish (amaliy) va ilmiy-pedagogik dasturlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.