Singapurda aholini muntazam kitob o‘qishga rag‘batlantirishga qaratilgan ReadSG dasturi ishga tushirildi. Unda kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qigan foydalanuvchilarga virtual tangalar beriladi.
Singapur Milliy kutubxona kengashi tomonidan ishga tushirilgan ReadSG dasturi orqali fuqarolar kitob o‘qish odatini shakllantirish uchun rag‘batlantiriladi.
Dasturda qatnashish uchun foydalanuvchi har kuni kamida 15 daqiqa kitob o‘qishi va o‘qiganini davlat platformasida qayd etib borishi kerak. Buning evaziga unga virtual tangalar beriladi. Dastur shartlariga ko‘ra, belgilangan kundalik o‘qish maqsadini bajargan ishtirokchiga 20 ta virtual tanga beriladi.
1000 ta virtual tanga 1 Singapur dollariga teng. Demak, faqat kundalik rag‘bat orqali 1 dollar yig‘ish uchun 50 kun davomida har kuni 15 daqiqadan kitob o‘qish kerak bo‘ladi. Ya’ni 50 kunlik o‘qish uchun jami 12,5 soat vaqt sarflanadi.
Biroq dasturning asosiy maqsadi katta miqdorda pul tarqatish emas, balki odamlarni kitob o‘qishni kundalik odatga aylantirishga undash hisoblanadi.
Singapur Milliy kutubxona kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda katta yoshli respondentlarning 89 foizi haftada kamida bir marta qandaydir matn o‘qishi aniqlangan. Ammo, haftada kamida bir marta kitob o‘qiydiganlar ulushi 28 foizni tashkil etgan.
Foydalanuvchi har kuni o‘qiganini belgilab boradi va buning uchun virtual tanga oladi. Tashkilotchilar kichik rag‘bat odamni dastlab kitob o‘qishga undashi, keyinchalik esa mukofotsiz ham o‘qishni davom ettirish odati shakllanishiga yordam berishiga umid qilmoqda.
Avvalroq, Qonunchilik palatasida ta’lim sifati muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.
