Bugun Filippinda sodir etilgan maktabdagi otishmada ikki nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, sakkiz nafari jarohatlandi. Gumonlanuvchi ham o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Bugun, 18-sentyabr kuni Filippinning janubidagi Janubiy Kotabato provinsiyasi Banga shahrida maktabda otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida ikki nafar o‘quvchi va 16 yoshli gumonlanuvchi halok bo‘lgan. Yana sakkiz nafar o‘quvchi jarohatlangan, ulardan to‘rt nafarining og‘ir ahvolda.
Jabrlanganlarning barchasi 14–17 yoshdagi o‘quvchilar ekani aytilmoqda.
Banga shahar hokimining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi hujumdan so‘ng qurolni o‘ziga qaratib, o‘z joniga qasd qilgan. Biroq hujumda jami nechta shaxs ishtirok etgani hozircha aniq emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida o‘qituvchi ikki nafar otuvchi bo‘lganini aytgan. Shuningdek, o‘quvchilardan biri hujum qilgan shaxslarning maktabga tashqaridan kelganini bildirgan.
Gumonlanuvchi hujum haqida oldindan aytgan
Banga shahri meri Albert Palensiyaning Reuters agentligiga aytishicha, gumonlanuvchi hujumdan oldin do‘stlari yonida o‘tirib, ularga tushlikdan keyin o‘z rejasini amalga oshirishini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchining do‘stlari bu gapni jiddiy qabul qilmagan, chunki u hazilkash sifatida tanilgan.
Shahar hokimi bergan ma’lumotga ko‘ra, tushlikdan so‘ng gumonlanuvchi o‘quvchilarga qarata o‘q uzgan va 10 nafar o‘quvchiga o‘q uzganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.
Filippinda bu so‘nggi oylardagi uchinchi maktab otishmasi
Mazkur hodisa Filippinda iyun oyidan buyon sodir bo‘lgan va o‘lim bilan yakunlangan uchinchi maktabdagi qurolli hujum hisoblanadi.
Avvalgi holatlarning biri o‘tgan oy Zamboanga shahrida sodir bo‘lgan. Unda o‘quvchi sinfxonada boshqa bir o‘quvchini otib o‘ldirgan, voqeani jonli efirda namoyish qilgan va keyin o‘z joniga qasd qilgan.
Iyun oyida esa Takloban shahridagi davlat maktabida ikki nafar o‘quvchi maktab hududida o‘q uzgan. Hujum oqibatida kamida uch nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, qariyb 20 kishi jarohatlangan.
Ta’kidlanishicha, Filippinda qurolga egalik qilish bo‘yicha nisbatan qat’iy qoidalar mavjud. Jumladan, qurol olish uchun shaxsning ma’lumotlarini tekshirish va psixologik baholashdan o‘tish talablari belgilangan. Shunga qaramay, mamlakatda noqonuniy qurollar ham bor.
Ota-onalarga qurollarni bolalardan uzoqda saqlash tavsiya qilindi
Janubiy Kotabato gubernatori Reynaldo Tamayo ota-onalarni qurollarni voyaga yetmaganlar qo‘li yetmaydigan joyda saqlashga chaqirdi.
Qurollarni saqlashda mas’uliyatli bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, qurol egalari voyaga yetmaganlarning ulardan foydalanish imkoniga ega emasligiga ishonch hosil qilishi lozim, — degan u.
Uning ta’kidlashicha, minglab o‘quvchilarni oz sonli xavfsizlik xodimlari yordamida nazorat qilishning o‘zi yetarli emas.
Biz minglab o‘quvchilarni bir nechta xavfsizlik xodimi nazorat qilishini kutolmaymiz. Bu muammoni hal qilish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak, — ta’kidlagan Reynaldo Tamayo.
Bundan bir oy avval, ya’ni 18-avgust kuni Filippin janubidagi o‘rta maktabda bir o‘quvchi otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng taxminiy hujumchi o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi.

