Avstraliyada xalqaro talabalar va sayyohlar uchun migratsiya qoidalari kuchaytiriladi

Avstraliyada xalqaro talabalar va sayyohlar uchun migratsiya qoidalari kuchaytiriladi

Avstraliya hukumati immigratsiyani qisqartirish maqsadida xalqaro talabalar va sayyohlar uchun yangi cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda.

 

Avstraliya hukumati immigratsiyani cheklash maqsadida xalqaro talabalar, “viza almashib yuruvchilar” va sayohat qiluvchi yoshlar uchun yangi, qat’iyroq qoidalarni e’lon qildi.

 

Yangi qoidalarga ko‘ra, xorijiy talabalar endi o‘z oila a’zolarini Avstraliyaga olib kela olmaydi. Mamlakatda qolish muddatini uzaytirmoqchi bo‘lgan talabalar esa yuqoriroq darajadagi ta’lim dasturini tanlashi kerak bo‘ladi.

 

BBC‘ning yozishicha, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun muhim ishchi kuchi manbai hisoblangan va sayyohlar orasida keng tarqalgan “ishchi ta’til vizasi” bo‘yicha ham yangi cheklovlar joriy etiladi. Jumladan, lotereya tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Biroq bu o‘zgarishlar Buyuk Britaniya fuqarolariga taalluqli bo‘lmaydi.

 

Ishchi ta’til vizasi – bu yosh sayohatchilarga chet davlatda yashash va qisqa muddatli ishlarda ishlashga ruxsat beruvchi maxsus yashash uchun ruxsatnoma bo‘lib, sayohat xarajatlarini to‘lashga yordam beradi.

 

Xalqaro talabalar uchun yangi talablar

 

Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byorkning ma’lum qilishicha, xorijiy talabalarga oila a’zolarini avtomatik ravishda olib kelish imkonini beruvchi vizalar berish cheklanadi. Biroq Avstraliyada allaqachon bo‘lib turgan talabalar, shuningdek, Tinch okeani mintaqasi va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan kelgan ayrim talabalar uchun istisnolar qo‘llanadi.

 

Doktorantura talabalari esa oila a’zolarini olib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vazir buni bakalavriat talabalari va doktorantlarning hayotiy sharoitlari bir-biridan farq qilishi bilan izohlagan.

 

Hukumat, shuningdek, “viza almashib yurish” holatlariga qarshi choralarni kuchaytiradi. Bunda talaba bir o‘quv dasturini tugatgach, keyingi bosqichga o‘tish o‘rniga yana boshqa, ko‘pincha pastroq darajadagi ta’lim dasturiga hujjat topshiradi. Ayrim hollarda bunday dasturlar ishonchsiz ta’lim muassasalari tomonidan taklif etiladi.

 

Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim darajasini oshirishga intilayotgan talabalar o‘qishni davom ettirishi mumkin. Masalan, bakalavr bosqichini tugatgan talaba magistraturaga kirishi mumkin.

 

“Ishchi ta’til vizasi”ga lotereya tizimi

 

Avstraliyada 18–30 yoshdagi yoshlar uchun mo‘ljallangan “ishchi ta’til vizasi” ham o‘zgaradi. Ushbu viza egalari mamlakatda 12 oy ishlashi va ma’lum shartlar asosida vizasini ikkinchi hamda uchinchi yilga uzaytirishi mumkin.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi yilga ruxsat olish uchun dastlabki yil davomida Avstraliyaning mintaqaviy hududlarida uch oy ishlash, uchinchi yilga ruxsat olish uchun esa olti oy mehnat qilish talab etiladi.

 

Yangi qoidalarga binoan, ikkinchi yilga mos keladigan nomzodlar lotereyada ishtirok etadi. Bu bosqich uchun kvota 45 ming nafar etib belgilanadi. O‘tgan yili ikkinchi yilga mos kelganlar soni 57 ming nafar bo‘lgan.

 

Uchinchi yil uchun lotereya kvotasi esa 5 ming nafarni tashkil etadi. O‘tgan yili ushbu bosqichga mos kelganlar soni 31 ming nafar edi.

 

Buyuk Britaniya fuqarolari yangi cheklovlardan ozod etiladi. Bunga ikki mamlakat o‘rtasidagi erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv sabab bo‘lmoqda.

 

Avstraliyada migratsiya ko‘rsatkichlari

 

Avstraliya statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil martigacha bo‘lgan 12 oy davomida mamlakat aholisi 1,4 foizga o‘sib, 27,9 million kishiga yetgan. Bu ko‘rsatkich tug‘ilishlar, o‘limlar va 292 100 kishini tashkil etgan sof xorijiy migratsiyani ham o‘z ichiga oladi.

 

Migratsiya masalasi Avstraliyada muhim siyosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Aholi sonining ortishi, yashash xarajatlarining ko‘payishi, uy-joy narxlarining qimmatligi va davlat xizmatlariga tushayotgan bosim bu boradagi munozaralarni kuchaytirmoqda.

 

Immigratsiyaga qarshi qarashlari bilan tanilgan “One Nation” partiyasi vaqtinchalik migrantlar vizalarini uch yil ichida 750 mingga qisqartirishni taklif qilgan. Partiya, shuningdek, sof xorijiy immigratsiyani yiliga 130 ming kishigacha cheklashni istamoqda.

 

Avstraliya Ichki ishlar vaziri Toni Byork bunday takliflar Avstraliya iqtisodiyotining ayrim sohalariga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini bildirgan.

 

Avstraliyada xalqaro talabalar va sayyohlar uchun migratsiya qoidalari kuchaytiriladi
Avstraliya Ichki ishlar vaziri Toni Byork

 

Iyul oyida hukumat oilaviy vizalar bo‘yicha Avstraliya hududida topshirilgan arizalarni xorijdan yuborilgan arizalarga nisbatan ustuvor ko‘rib chiqish siyosatini joriy etdi. Mamlakatda bo‘lib turgan va doimiy yashash vizasiga ariza topshirgan malakali migrantlar ham ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.

 

Shuningdek, Buyuk Britaniyani istisno qilgan holda, 24 ta mamlakat fuqarolari uchun “ishchi ta’til vizasi” vizalariga ariza qabul qilish vaqtincha to‘xtatilgan.

 

Mutaxassislar nima deydi?

 

Avstraliyaga yangi kelganlarga yordam beruvchi “Settlement Services International” tashkiloti vakili Violet Rumeliotisning fikricha, migratsiya haqidagi munozaralar tobora mamlakat manfaatlaridan ko‘ra qisqa muddatli siyosiy manfaatlar ta’sirida shakllanmoqda.

 

U xalqaro talabalar uchun oilaviy vizalarga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar bunga misol ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, yangi cheklovlar Avstraliyaning kelajakdagi iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish borasidagi raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.