“El-yurt umidi” jamg‘armasi va stipendiat o‘rtasida shartnomaviy nizo yuzaga keldi

“El-yurt umidi” jamg‘armasi va stipendiat o‘rtasida shartnomaviy nizo yuzaga keldi

Ijtimoiy tarmoqlarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan gen muhandisligi yo‘nalishida tahsil olayotgan stipendiat sudga berilgani haqida xabar tarqaldi. Jamg‘arma mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, A.M. 2021-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantini qo‘lga kiritib, AQShning nufuzli Arizona universitetida bakalavriat bosqichida tahsil olgan. U o‘qishni tamomlagach, “Outstanding Senior” unvoniga sazovor bo‘lgan. Keyinchalik Tennessi universitetining doktorantura bosqichiga to‘liq grant asosida qabul qilingan.

 

Shuningdek, uning ilmiy izlanishlarini AQSh Energetika vazirligiga qarashli “Oak Ridge National Laboratory” markazida davom ettirishi kutilayotgani aytilgan.

 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda tomonlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar bir tomonlama yoritilgan. Xususan, tuzilgan shartnomaning shartlari, uning bandlarini o‘zgartirish tartibi va stipendiatning davlat oldidagi majburiyatlari to‘liq aks ettirilmagan.

 

Shartnoma shartlariga ko‘ra, davlat stipendiatning ta’lim olishi va u bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtiradi. Stipendiat esa ta’lim dasturini muvaffaqiyatli yakunlash, belgilangan muddatda (2025-yil 15-may) O‘zbekistonga qaytish, olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etish hamda shartnomada belgilangan muddat davomida (5 yil) mamlakatda ishlash majburiyatini oladi.

 

Hujjatlarga ko‘ra, davlat tomonidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 4 yil davomida bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim moliyalashtirilgan. Ushbu dasturni tamomlagach, stipendiat diplom hamda baholar to‘g‘risidagi ilovani jamg‘armaga topshirishi hamda egallagan mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytib kelganidan so‘ng, uzog‘i bilan bir oy mobaynida ish beruvchi tashkilotida mehnat faoliyatini boshlashi lozim edi. Tegishli majburiyat bir yildan ko‘proq vaqt oldin (2025-yil 15-mayda) yuzaga kelgan, biroq bajarilmay kelmoqda.

 

Talaba bilan tuzilgan 2021-yilgi shartnomada uning bakalavr, magistratura va PhD bosqichlarini tamomlaganidan keyingina, ya’ni yakuniy PhD darajasini olganidan so‘ng 1 oy muddatda O‘zbekistonga qaytib, davlat uchun ishlab berishi aniq va lo‘nda qilib belgilab qo‘yilgani, talaba shartnoma shartlarini buzganicha yo‘qligi, u o‘qishni tashlab ketgani ham, xorijda qolib ketish maqsadida yashiringani ham yo‘qligi, aksincha, u bakalavriatni tugatib, PhDga kirishi bilanoq bu haqda jamg‘armani rasman xabardor qilgani va shartnomaga muvofiq qo‘shimcha kelishuv rasmiylashtirishni so‘rab o‘z vaqtida murojaat yo‘llagani”, — deyiladi tarqalgan xabarlarda.

 

Jamg‘arma esa yangi ta’lim dasturiga qabul qilinish avvalgi shartnomaviy majburiyatlarni o‘z-o‘zidan bekor qilmasligini ta’kidlagan. Majburiyatlarni bajarishni kechiktirishni so‘rab ariza yuborishning o‘zi kechiktirishga ruxsat berilganini anglatmasligi, A.M. bilan qo‘shimcha kelishuv imzolanmagani sababli shartnoma shartlari o‘z kuchida qolayotgani bildirilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan, go‘yoki shartnoma stipendiatga bakalavriat, magistratura va doktoranturani ketma-ket tamomlab, shundan keyingina O‘zbekistonga qaytishga imkon berganligi haqidagi da’vo shartnomaviy munosabatlarning mazmunini aks ettirmaydi. Shartnoma predmeti – stipendiya ajratish va davlat tomonidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi tegishli qaror doirasida ma’qullangan aniq bir ta’lim dasturi, ya’ni 4 yillik bakalavriatdir, — deya izohlangan munosabatda.

 

Xabarda yozilishicha, stipendiat AQShda qolib ketishni, u yerda yillik 150 000 – 200 000 dollar maosh beradigan nufuzli ilmiy markazlarga ketib qolishni mutlaqo o‘ylayotgani yo‘q. Uning ota-onasi ham farzandining vataniga qaytib, o‘z xalqiga xizmat qilishini chin dildan istamoqda. Yigitning niyati xolis va rejalari ulkan: u gen muhandisligi bo‘yicha olgan bilimlarini aynan O‘zbekistonda qo‘llab, iqlim o‘zgarishi sharoitida qurg‘oqchil yerlarda eng kam suv talab qiladigan noyob mevali daraxt turlarini yaratishni maqsad qilgan.

 

Ammo Jamg‘arma masalaning asl mohiyatini anglayaptimi? Xalqaro ilmiy bozorda sinovdan o‘tgan aniq amaliyot bor: AQShning yirik biotexnologik laboratoriyalari va universitetlari o‘ziga kerakli tayyor gen muhandislarini qo‘ldan chiqarmaslik uchun ularning chet davlat oldidagi har qanday qarz majburiyatlarini bir zumda to‘lab beradi. Ya’ni, sud Jamg‘arma foydasiga “pulni qaytar” deb qaror chiqarsa, AQSh tomoni bu jarima summasini iste’dodlarni sotib olish (buyout / signing bonus) mexanizmi orqali O‘zbekistonga to‘liq o‘tkazib beradi va yigitni o‘zida olib qoladi! Evaziga esa yosh olimga yuqori maosh va zudlik bilan rasmiylashtiriladigan Green Card berilib, AQSh ilmiy institutlariga doimiy biriktiriladi. Natijada O‘zbekiston sarflagan qog‘ozdagi pulini qaytarib olar, lekin davlatimizning o‘n yillik qishloq xo‘jaligi kelajagini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yagona noyob gen muhandisini o‘z qo‘llarimiz bilan xorijga sotib yuborgan bo‘lamiz”, — deyiladi xabarda.

 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi bunga mamlakatga qaytish va olingan mutaxassislik bo‘yicha ishlash talabi ilmiy yuksalishni cheklash yoxud muvaffaqiyat uchun jazo emasligini ta’kidlab, davlat aynan ilg‘or bilimlarning O‘zbekistonda amaliy tatbiq etilishi uchun stipendiatlarning xorijda ta’lim olishiga katta mablag‘ sarmoya qilishini eslatib o‘tgan.

 

Ilmiy faoliyatni O‘zbekistonning tadqiqot va ta’lim muassasalarida davom ettirish mumkin. Kelgusida mutaxassis avvalgi majburiyatlarini bajarganidan so‘ng yangi xalqaro dasturlarda ham ishtirok etish huquqiga ega.

 

Ta’kidlanishicha, muammo ta’limni davom ettirish istagida emas, balki amaldagi shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortish qaroridadir. Shaxsiy akademik rejalar davlat va jamiyat oldidagi majburiyatlardan o‘z-o‘zidan ustun qo‘yilishi mumkin emas. Agar byudjet mablag‘lari hisobidan tayyorlangan mutaxassis qaytib kelmasa va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan bir tomonlama bosh tortsa, kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimining o‘zi ma’nosini yo‘qotadi, — ta’kidlangan munosabatda.

 

Shuningdek, jamg‘arma sudga murojaat qilish sababini ham izohlagan:

 

Shu bois davlat manfaatlarini himoya qilish, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlash va shartnomalarga rioya etish – bu kimningdir imkoniyatlarini cheklash emas, balki “El-yurt umidi” jamg‘armasining bevosita majburiyatidir. Sudga murojaat qilish – shartnomaviy nizoni hal etishning qonunda nazarda tutilgan mexanizmidir. Nizoga yakuniy huquqiy bahoni sud beradi.

 

Qayd etilishicha, mazkur nizoga yakuniy huquqiy bahoni sud beradi.