Yangi o‘quv yili: bugun 5 soat ichida 300 mingga yaqin yo‘lovchi metrodan foydalandi

Yangi o‘quv yili: bugun 5 soat ichida 300 mingga yaqin yo‘lovchi metrodan foydalandi

Bugun yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlangani sababli Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi keskin oshdi. Soat 05:00 dan 10:00 gacha metro xizmatlaridan 288 187 nafar yo‘lovchi foydalangan.

 

Bugun, 14-sentyabr kuni O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlangani sababli jamoat transporti, xususan, Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Toshkent metropoliteni axborot xizmati xabar berdi.

 

Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, soat 05:00 dan 10:00 gacha metro xizmatlaridan 288 187 nafar yo‘lovchi foydalangan.

 

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar oqimining yuqoriligi Chinor, Sergeli, Choshtepa, Olmazor, Chilonzor, Buyuk ipak yo‘li, Do‘stlik va Beruniy bekatlarida kuzatilgan.

 

Bunda:

 

  • Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqalik;
  • O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqalik;
  • Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqalik;
  • Yer usti halqa yo‘nalishida — 7–8 daqiqalik intervallarda poyezdlar harakati tashkil etilgan.

 

Qayd etilishicha, “Toshkent metropoliteni” AJ tomonidan yo‘lovchilar oqimi doimiy monitoring qilinib, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakati zaruratga ko‘ra muvofiqlashtirib borilmoqda.

 

Avvalroq, Toshkentda jamoat transportlari uchun yo‘l haqi qimmatlashishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.