Davlat OTMlari magistraturasiga kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning o‘quv yili uchun bazaviy kontrakt summasi davlat tomonidan qoplab berilishi uchun 15-sentyabrga qadar ariza topshirilishi kerak. Belgilangan muddatdan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Xabaringiz bor, davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt summasi davlat budjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun talabgorlar o‘zi ta’lim olayotgan OTM rektori yoki filial direktoriga 15-sentyabrga qadar ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Arizalar OTM tomonidan 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng kontraktni davlat budjeti hisobidan qoplab berish bo‘yicha rektor buyrug‘i o‘quv yilining 15-oktyabriga qadar qabul qilinadi.
Mazkur tartib davlat OTMlari, shuningdek, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasi magistraturasida kontrakt asosida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarga amal qiladi.
Bunda kontraktning stipendiyasiz bazaviy summasi to‘liq qoplanadi. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summasi esa davlat tomonidan qoplab berilmaydi.
Shuningdek, ushbu imtiyoz Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilari uchun maqsadli tashkil etilgan magistraturaga tatbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq magistraturaga tavsiya etilgan abituriyentlar taqdim etishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati e’lon qilingan edi.
