Magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyent belgilangan tartibda qabul komissiyasiga zarur hujjatlarni taqdim etishi lozim. Hujjatlar tarkibi amaldagi nizomda belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 21-bandiga muvofiq magistraturaga o‘qishga kirgan abituriyent bir necha hujjatlarni topshiradi.
Unga ko‘ra, magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyent qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi va uning ilovasi;
- belgilangan darajadagi xorijiy tilni bilish sertifikati nusxasi;
- qonunchilikda belgilangan imtiyozga ega bo‘lgan talabgorlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi.
Taqdim etilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlangan taqdirda abituriyent talabalikka tavsiya etilmaydi.
Agar u talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, oliy ta’lim tashkiloti talabalari safidan chetlashtiriladi. Shuningdek, bu haqda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xabardor qilinadi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talabgor bilan oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida belgilangan tartibda to‘lov-kontrakt shartnomasi rasmiylashtiriladi.
