Pedagoglar attestatsiyasidagi firibgarlik ishi bo‘yicha 7 nafar shaxs sudlandi

Pedagoglar attestatsiyasidagi firibgarlik ishi bo‘yicha 7 nafar shaxs sudlandi

Shumanay tumanida pedagoglar malaka attestatsiyasi jarayonidagi firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha 7 nafar shaxsga sud hukmi chiqarildi. Ularga 1 yildan 2 yil 11 oygacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 

2026-yil 18-fevral kuni Shumanay tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida pedagog kadrlarning malaka (toifa) attestatsiyasi jarayonidagi qonunbuzarliklar bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

 

Jinoyat ishida jami 7 nafar shaxs sudlangan. Ular orasida:

 

  • test sinovlari xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi;
  • vazirlik bosh metodisti;
  • maktab direktorining o‘rinbosari;
  • texnologiya, ingliz tili hamda matematika-informatika fanlari o‘qituvchilari;
  • vaqtincha ishsiz shaxs bor.

 

Sud hujjatlariga ko‘ra, ular 2024–2025-yillarda pedagoglarning malaka attestatsiyasini o‘tkazish jarayonida test savollari va javoblari bilan bog‘liq ma’lumotlarni yashirin aloqa vositalari hamda Telegram guruhlari orqali tarqatgan.

 

Guruh a’zolari ayrim o‘qituvchilarga attestatsiyada ijobiy natija olishga yordam berishni va’da qilib, buning evaziga pul olganlikda ayblangan.

 

Sud tergovi davomida sudlanuvchilarga qo‘yilgan pora olish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha jinoyat tarkibi mavjud emasligi aniqlangan va ular ushbu qism bo‘yicha aybsiz deb topilgan. Shu bilan birga, sud ularning harakatlarini Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik moddasi bilan baholagan.

 

Sud hukmiga ko‘ra, barcha sudlanuvchilarga 1 yildan 2 yil 11 oygacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Bunda ularning ish haqining 20 foizi davlat foydasiga ushlab qolinishi belgilangan. Shuningdek, ayrim sudlanuvchilar muayyan lavozimlarda ishlash huquqidan vaqtincha mahrum qilingan.

 

Sud hukmida qamoqda o‘tkazilgan vaqt jazoni o‘tash muddatiga hisobga olingani va sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llangan ehtiyot choralari bekor qilingani qayd etilgan.

 

Avvalroq, texnikum direktori tadbirkordan 10 ming dollar olgani uchun jazolangani haqida xabar bergan edik.