Maktab o‘quvchilariga dars jarayonini telefon orqali tasvirga olish taqiqlanadi

Maktab o‘quvchilariga dars jarayonini telefon orqali tasvirga olish taqiqlanadi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning mobil telefon kamerasidan foydalanib, dars jarayonini tasvirga olishi taqiqlandi. Bu “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”da belgilangan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan odob-axloq qoidalarida o‘quvchilarning ta’lim muassasasidagi xatti-harakatlariga doir bir qator talablar belgilangan.

 

Jumladan, dars vaqtida quloqchin orqali telefon yoki boshqa audio qurilmalardan foydalanish, shuningdek, mobil telefon kamerasi yordamida dars jarayonini tasvirga olish taqiqlanadi.

 

Bundan tashqari ta’lim muassasalarida yana quyidagilar taqiqlanadi:

 

— taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi;

 

— oʻzaro munosabatlarda inson shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish (diskriminatsiya), haqorat qilish va behayo soʻzlarni ishlatishi, turli xil (jismoniy, ruhiy va boshqa) zoʻravonlikni (bulling) koʻrsatishi;

 

— qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos boʻlmagan yoki taʼlim muassasasining faoliyatiga tegishli, shuningdek, taʼlim muassasasi, oʻqituvchi va oʻquvchilarning obroʻsini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks etgan audio hamda videomateriallarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi yoki undan turli gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishi;

 

— taʼlim muassasasi kompyuterlarida taʼlim muassasasiga tegishli boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek, qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan bolalarning yosh xususiyatlariga mos boʻlmagan turli videomateriallar, taqiqlangan diniy maʼlumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni, zoʻravonlikni targʻib qiluvchi, pornografik xarakterdagi har qanday video, audio va fotomateriallarni tayyorlashi, saqlashi, foydalanishi va targʻib etishi;

 

— taʼlim muassasasi hududida tugʻilgan kun, Oʻzbekiston qonunchiligida belgilanmagan turli bayram tadbirlarini nishonlashi.

 

Avvalroq, maktab oshxonalarida bir qator mahsulotlarning tayyorlanishi va sotilishi taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.