Avvalgi attestatsiyada 86 ball to‘plab, birinchi yoki oliy toifa va 70 foizlik maxsus ustama olgan pedagoglar kuzgi attestatsiyada 86 balldan past ball to‘plagan taqdirda ham amaldagi ustamasidan ayrilmaydi. Ustama belgilangan ikki yillik muddat davomida to‘liq to‘lanadi.
Agar pedagog avvalgi attestatsiya sinovida qatnashib 70 foizlik ustamani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuzgi attestatsiyada qayta ishtirok etib 86 balldan past to‘plasa hech nima o‘zgarmaydi. Ya’ni olayotgan ustamasini olishda davom etaveradi.
O‘qituvchi toifa sinovida toʻplagan balidan qatʼi nazar, 70 foizlik ustamasini belgilangan muddat (2 yil) tugaguncha toʻliq oladi.
Buning sabablari amaldagi qonunchilikda quyidagicha belgilangan:
- Ustama 2 yil davomida daxlsizdir — attestatsiyada 86 va undan yuqori ball toʻplab oliy yoki 1-toifa bilan birga qoʻlga kiritilgan 70 foizlik ustama 2 yil davomida toʻlanishi Bunda talabgor yangi attestatsiyaga kirib pastroq ball olsa ham, ushbu 2 yillik muddat buzilmaydi va ustama toʻxtatilmaydi.
- Navbatdan tashqari attestatsiya qoidasi himoya qiladi — pedagog kadr oʻz xohishi bilan (navbatdan tashqari) hujjat topshirayotgan bo‘lishi mumkin. Nizomga koʻra, navbatdan tashqari attestatsiyada pedagog past ball olsa, uning amaldagi toifasi ham, unga biriktirilgan mavjud moliyaviy imtiyozlari hamda erishilgan ustamalari ham kamaytirilmaydi yoki bekor qilinmaydi.
2026-yilgi tartib bo‘yicha navbatdan tashqari attestatsiya uchun to‘lov miqdorlari quyidagicha:
Oʻz xohishi bilan Oliy toifaga ariza topshirganda quyidagicha yigʻim undiriladi (BHMning 440 000 soʻmga oshishi inobatga olingan):
- a) DXM (Davlat xizmatlari markazi) orqali:
- 2026-yil 1-sentyabrgacha: 206 000 soʻm
- 2026-yil 1-sentyabrdan keyin: 220 000 soʻm (BHMning 50 foizi)
- b) pedagog.uzedu.uz yoki my.gov.uz platformalari orqali (10% chegirma bilan):
- 2026-yil 1-sentyabrgacha: 185 400 soʻm
- 2026-yil 1-sentyabrdan keyin: 198 000 soʻm (yigʻim summasining 90 foizi)
Avvalroq, 2026-yilgi attestatsiya sinovlari uchun ro‘yxatdan o‘tishning oxirgi muddati belgilangani haqida xabar berilgandi.
