Ori sayyoradagi eng iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan “Wolfpack” dasturiga qabul qilingan. Dasturda atigi 40 nafar o‘quvchi ishtirok etadi.
Isroilning Hod-Ha-Sharon shahrida yashovchi 15 yoshli, 10-sinf o‘quvchisi Ori Ben-Gur kosmik tadqiqotlar bo‘yicha eng qadimgi xalqaro tashkilot — COSPAR konferensiyasida ishtirok etib, Yer orbitasini kosmik chiqindilardan tozalash usulini taqdim etdi. Bu haqda Veyzman institutidan Itay Nevo 4-sentyabr kuni ma’lumot bergan.
U AQSHlik hammuallifi Liza Vigil-Benites bilan birgalikda kosmik chiqindilarni qayta ishlash zavodining chizmalarini namoyish etgan. Bunday zavod metallar va boshqa materiallardan qayta foydalanish, shuningdek, orbitani tozalash imkonini beradi. Bu esa keyingi kosmik parvozlar xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
G‘oya amerikalik kosmik tadbirkor va pedagog Kevin Simmons tomonidan yaratilgan Wolfpack loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha dunyoning eng iqtidorli maktab o‘quvchilarini o‘qitadi va ularning g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga yordam beradi.
Hozirda 15 yosh bo‘lgan isroillik o‘quvchi Ori Ben-Gur dasturga 13 yoshida qabul qilingan.
U bolaligidan kosmos va astronomiyaga qiziqardi. Biz unga mos dastur izladik, ammo aksariyat dasturlar butun sinf uchun mo‘ljallangan edi. Bizga esa individual yondashuv kerak edi. Do‘stlarimiz bizni Wolfpack dasturiga yo‘naltirishdi, — degan uning onasi Imrit.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dasturda turli mamlakatlardan taxminan 40 nafar maktab o‘quvchisi qatnashadi. Faoliyatning katta qismi masofadan, ya’ni onlayn tarzda amalga oshiriladi. Biroq dastur doirasida yuzma-yuz uchrashuvlar ham tashkil etiladi.
Dastur doirasida hozirgacha uchta “CubeSat” sun’iy yo‘ldoshi kosmosga uchirilgan. CubeSat — o‘lchami 10×10×10 santimetr bo‘lgan kub shaklidagi kichik sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi. Ba’zan bir nechta ishtirokchidan iborat jamoalar birlashib, muayyan loyihalar ustida hamkorlikda ishlaydi va ularni rivojlantiradi.

O‘smirning mualliflik loyihalari
Ori Ben-Gur raketa hujumi haqidagi ogohlantirish signalini bir necha soniya oldinroq yetkazish imkonini beruvchi g‘oya muallifi hamdir. Ba’zi vaziyatlarda bu juda muhim bo‘lishi mumkin. G‘oya real vaqt rejimida raketa uchirilishining dastlabki belgilarini aniqlaydigan kub shaklidagi sun’iy yo‘ldoshlarga asoslangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 100 ta shunday sun’iy yo‘ldosh kerak edi. Keyinchalik esa 42 ta sun’iy yo‘ldosh bilan ham cheklanish mumkinligini ko‘rsatdik. Men ushbu g‘oya bo‘yicha konseptual hujjat tayyorladim, Kevin Simmons uni taqdim etdi va o‘tgan yili Kiprda bo‘lib o‘tgan COSPAR konferensiyasida ushbu g‘oya haqida ma’ruza qilish uchun taklif oldim, — deydi u.
Ta’kidlanishicha, bu yilgi “COSPAR” konferensiyasining asosiy mavzusi kosmik chiqindilar bo‘lgan. Yer atrofidagi kosmik makon, ayniqsa past orbita, nazoratsiz harakatlanayotgan juda ko‘p miqdordagi chiqindilar bilan to‘lib ketgan. Bular eski raketalarning qoldiqlari, ishdan chiqqan sun’iy yo‘ldoshlar va to‘qnashuvlar natijasida hosil bo‘lgan parchalardir.
Hatto muzlab qolgan yoqilg‘i tomchilari yoki bo‘yoqning ajralib chiqqan mayda bo‘laklari ham yuqori tezlikda harakatlangani sababli sun’iy yo‘ldoshlar, kosmik stansiyalar yoki boshqa odamlar ishtirokidagi kosmik missiyalar uchun haqiqiy xavf tug‘dirishi mumkin, — deya qayd etgan o‘quvchi.

Foto: Vadim Sadovski/Shutterstock

Loyihadan maqsad
Kosmik chiqindilar muammosini hal qilish bo‘yicha takliflarning aksariyati yirik chiqindi bo‘laklarini tutib olish, so‘ng ularni atmosferaga qaytarib, kuydirish yoki boshqa kosmik missiyalarga xavf tug‘dirmaydigan yuqoriroq orbitaga chiqarishga qaratilgan.
Ben-Gurning g‘oyasi esa chiqindilarni tutib olib, ularni avtomatik rejimda ishlaydigan qayta ishlash zavodi — kosmik stansiyaga yetkazishni nazarda tutadi.
Chiqindilar tarkibidagi materiallarga ajratiladi. Metallarni eritib, kosmosda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qayta shakllantirish mumkin. Qayta ishlangan plastmassadan esa yopishtiruvchi moddalar, yoqilg‘i va hatto dori-darmonlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan smolalar olish mumkin.
G‘oyaning mohiyati shundaki, hukumatlar kabi tuzilmalar loyihani moliyalashtiradi va ushbu zavodda ishlab chiqariladigan materiallarni xarid qilishi mumkin. Kelajakda u yerda odamlar ham ishlashi va ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishi mumkin, — tushuntirgan 15 yoshli Ori Ben-Gur.
15 yoshli o‘smir aksariyat ishtirokchilari taniqli professorlar, katta tajribaga ega mutaxassislar va yetakchi konstruktorlardan iborat konferensiyada o‘z ishini qanday taqdim etadi?
Bu hayajonli. Yuqori darajadagi professional tilda gapirish kerak. ‘‘Wolfpack’’ dasturida taqdimotlarni tayyorlashimizga yordam beradigan o‘qituvchi bor. Bundan tashqari, ota-onam xalqaro konferensiyalarda ingliz tilini yaxshiroq bilishim uchun Angliyadan xususiy repetitor yollashdi, — degan Ori.
Isroillik yagona ishtirokchi
‘‘Wolfpack’’ dasturidagi yagona isroillik bo‘lgan Ben-Gur siyosiy qiyinchiliklarga duch kelmayotganini bildirgan.
Isroildan ekanimni faqat vaqt zonalari farqi sababli eslashadi. Masalan, bizda tun yarmi bo‘lgan paytda tadbirlarda qatnashaman. Ammo konferensiyalarda vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin. U yerda o‘zimni ko‘proq Isroil vakili sifatida his qilaman. O‘tgan yili Kiprda sun’iy yo‘ldoshlar tizimini taqdim etayotganimda, zalda o‘tirganlardan biri bu tizim G‘azoga qanday ta’sir qilishini so‘radi. Men unga bu kabi munozaralar uchun konferensiya mos joy emasligini aytdim va savolini elektron pochta orqali yuborishni taklif qildim. U esa hanuzgacha xat yubormadi, — ta’kidlagan o‘smir.
Ma’lum qilinishicha, Ori Ben-Gur o‘z kelajagini kosmik soha bilan bog‘lagan.
Men NASA yoki SpaceX kabi kompaniyada ishlashdan mamnun bo‘lardim. Dunyo uchun foydali bo‘ladigan, masalan, kosmik chiqindilar muammosini hal qilish yoki raketalardan himoyalanishga yordam beradigan muhim ishni amalga oshirishni xohlayman.
Uning o‘zi kosmosga uchishni xohlaydimi?
Maqolada keltirilishicha, u bu savolga biroz ikkilangan holda quyidagicha javob bergan:
Bu qo‘rqinchli. Men o‘zimni ko‘proq odamlarga kosmosdan sog‘-salomat qaytishga yordam beradigan inson sifatida tasavvur qilaman. Ammo, ehtimol, Isroil mudofaa armiyasidagi xizmatimdan keyin bu sayohatni amalga oshirishim mumkin, albatta, — degan u.
Avvalroq, Qozog‘istonda talabalar o‘qituvchilar uchun dars sifatini oshiradigan AI-platformani ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.

