YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 739 million nafar katta yoshli inson asosiy savodxonlik ko‘nikmalariga ega emas. Ularning uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi.
8-sentyabr — Xalqaro savodxonlik kuni munosabati bilan YUNESKO dunyoda savodxonlik darajasi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh o‘n yillikda dunyoda savodxonlik darajasi sezilarli darajada oshgan. Yoshlar orasidagi savodxonlik darajasi 1975-yildagi 75 foizdan 2024-yilda 93 foizga, katta yoshli aholi orasidagi savodxonlik darajasi esa 65 foizdan 88 foizga ko‘tarilgan.
Shunga qaramay, hozir ham dunyoda 739 million katta yoshli inson asosiy savodxonlik ko‘nikmalariga ega emas. Ularning qariyb uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi.
YUNESKO bosh direktori Xolid El-Anani Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligi munosabati bilan yo‘llagan murojaatida savodxonlik insonning asosiy huquqlaridan biri ekanini ta’kidlagan.
“Savodxonlik inson hayoti, iqtisodiyot va jamiyatni o‘zgartirishga qodir kuch hamda insonning asosiy huquqidir”, — dedi YUNESKO bosh direktori.
Tashkilot shuningdek, dunyo bo‘yicha 273 million bola va yosh ta’limdan chetda qolayotganini ma’lum qildi. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda 10 yoshli bolalarning 70 foizi oddiy matnni o‘qib, uning mazmunini tushuna olmaydi.
YUNESKO bu ko‘rsatkichlar ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lish bilan birga, katta imkoniyat va salohiyatning yo‘qotilishini anglatishini qayd etgan.
Bu yilgi Xalqaro savodxonlik kuni “Insonlar, sayyora va farovonlik uchun savodxonlik” mavzusida o‘tkazilmoqda. YUNESKO tomonidan 1966-yilda ta’sis etilgan mazkur sana 1967-yildan buyon har yili nishonlab kelinadi.
Tashkilotning qayd etishicha, bugungi kunda savodxonlik tushunchasi ham kengayib bormoqda. Texnologiyalar odamlarning axborotni olish va undan foydalanish usullarini o‘zgartirayotgani sababli media va axborot savodxonligi, sun’iy intellekt savodxonligi, yolg‘on axborotni aniqlash va internetda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalariga ham e’tibor qaratilmoqda.
YUNESKO savodxonlik bo‘yicha global strategiyasida gender tengligiga, shuningdek, ta’lim olish imkoniyatidan chetda qolish xavfi yuqori bo‘lgan aholiga e’tibor qaratayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha YUNISEF tomonidan e’lon qilingan “Learning Interrupted: Global Snapshot of Climate-Related School Disruptions in 2025” hisobotida 2025-yilda 106 ta mamlakat va hududdagi ta’lim jarayoniga iqlim xavflarining ta’siri tahlil qilinganligi haqida xabar berilgan edi.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 171 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim olishi iqlim bilan bog‘liq xavflar sabab uzilgan. Bu maktabgacha ta’limdan yuqori o‘rta ta’limgacha bo‘lgan o‘quvchilarning taxminan har o‘n nafaridan biriga to‘g‘ri keladi.
