2025-yilda har 10 nafar o‘quvchidan birining ta’lim olishi iqlim sabab to’xtab qolgan

2025-yilda har 10 nafar o‘quvchidan birining ta’lim olishi iqlim sabab to’xtab qolgan

2025-yilda dunyo bo‘yicha maktabgacha ta’limdan yuqori o‘rta ta’limgacha bo‘lgan 171 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim jarayoni bo‘ron, suv toshqini, jazirama, qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari kabi iqlim xavflari sabab to’xtab qolgan. Ular orasida qizlarning ulushi yuqori bo‘lgan.

 

UNICEF tomonidan e’lon qilingan “Learning Interrupted: Global Snapshot of Climate-Related School Disruptions in 2025” hisobotida 2025-yilda 106 ta mamlakat va hududdagi ta’lim jarayoniga iqlim xavflarining ta’siri tahlil qilingan.

 

Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 171 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim olishi iqlim bilan bog‘liq xavflar sabab uzilgan. Bu maktabgacha ta’limdan yuqori o‘rta ta’limgacha bo‘lgan o‘quvchilarning taxminan har o‘n nafaridan biriga to‘g‘ri keladi.

 

Iqlim hodisalari maktablarning yopilishi, ta’lim muassasalariga zarar yetishi, dars vaqtining qisqarishi, davomatning pasayishi hamda o‘quvchilarning ta’limni tashlab ketish xavfining ortishiga olib kelgan.

 

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassellning ta’kidlashicha, iqlim xavflari bolalarning nafaqat darslarini, balki ularning yashash sharoitlarini ham izdan chiqaradi.

 

“Millionlab bolalar uchun iqlim xavflari shunchaki darslarni buzibgina qolmaydi. Ular maktablarni vayron qiladi, oilalarni boshqa joyga ko‘chishga majbur qiladi va eng himoyaga muhtoj bolalarni imkoniyatlardan mahrum etadi”, — dedi Ketrin Rassell.

 

Hisobotda qayd etilishicha, iqlim xavflari ta’siriga uchragan bolalarning 75 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi. Bunday mamlakatlarda favqulodda vaziyatlar vaqtida ta’lim jarayonini davom ettirish uchun zarur resurslar ko‘pincha yetarli emas.

 

Hisobotda qizlarning ta’limiga ta’sir alohida qayd etilgan. Iqlim xavflari tufayli yuzaga keladigan xavfsizlik muammolari, ta’lim muhitining yomonlashuvi va erta turmush qurish xavfi qizlarning maktabni tashlab ketish ehtimolini oshirishi mumkin.

 

Shuningdek, maktablar va sanitariya inshootlarining zarar ko‘rishi, oilalarning boshqa hududlarga ko‘chishi va oilaviy daromadning kamayishi qizlarning uy ishlariga, jumladan, suv tashishga ko‘proq jalb etilishiga olib kelishi mumkin.

 

2025-yilda maktab ta’limiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan iqlim hodisalari:

 

  • bo‘ronlar — 109 million o‘quvchi;
  • suv toshqinlari — kamida 70 million o‘quvchi;
  • jazirama — qariyb 50 million bola.

 

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yildagi ko‘rsatkichlar avvalgi yilga nisbatan pastroq. 2024-yilda 85 ta mamlakatda qariyb 250 million bola, ya’ni har yetti nafar boladan biri iqlim xavflari sabab ta’lim olishida uzilishlarga duch kelgan.

 

Biroq UNICEF 2025-yil bo‘yicha tahlilda metodologiya o‘zgartirilganini bildirgan. Yangi hisob-kitoblarda hukumat ma’lumotlari o‘rniga yordam tashkilotlari va mahalliy OAVdan olingan ma’lumotlardan foydalanilgan.

 

Hisobotda ta’limdagi bunday uzilishlarning uzoq muddatli iqtisodiy oqibatlari ham qayd etilib, 2025-yilda ta’limi iqlim xavflari sabab buzilgan o‘quvchilar kelajakda kamida 200 milliard dollar miqdoridagi umrbod daromaddan mahrum bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

 

UNICEF hukumatlar va hamkor tashkilotlarni iqlim hamda ekologik xavflarga bardosh bera oladigan yangi ta’lim infratuzilmasini barpo etishga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga chaqirgan.

 

Eslatib o’tamiz, avvalroq BMTning Education Cannot Wait (ECW) jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish va iqlim o‘zgarishi oqibatida dunyo bo‘ylab 258 million maktab yoshidagi bola va o‘smir ta’lim olishda jiddiy muammolarga duch kelayotganligi haqida xabar berilgan edi. Ularning 93 million nafari esa umuman maktabga bormaydi.