Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun maxsus stipendiya joriy etishi mumkin. Stipendiya miqdori BHMning bir baravariga teng bo‘lishi va har yili 10 nafar talabaga tayinlanadi.
Muhokamalar portaliga ‘‘O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “Maxsus stipendiya”sini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida, jumladan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriat talabalariga maxsus stipendiya tayinlash taklif qilinmoqda.
Stipendiya talabaning mazkur yo‘nalish bo‘yicha yakunlovchi ikki kursida o‘qiyotgan, butun o‘qishi davomida “a’lo” baholarga mos reyting ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.
Stipendiyaning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilanadi. U talabaning belgilangan oylik stipendiyasiga qo‘shib to‘lanadi va boshqa stipendiyalarni olish huquqini cheklamaydi.
Bir o‘quv yili uchun 10 ta stipendiya kvotasi ajratilishi rejalashtirilgan. Stipendiya har yili 1-sentyabrdan 30-iyungacha, 10 oy davomida to‘lab boriladi.
Stipendiya uchun talabgorlar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- mutaxassislik fanlarini “a’lo” baholarga mos reyting ko‘rsatkichlari bilan o‘zlashtirgan bo‘lishi;
- sohaga oid konferensiya va tanlovlarda ishtirok etgan bo‘lishi;
- ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ilmiy ishga ega bo‘lishi;
- amaldagi intizomiy jazosi va akademik qarzdorligi bo‘lmasligi;
- davlat tilidan tashqari kamida bitta xorijiy tilni bilishi.
Talabgorlarni baholashda ularning ilmiy ishlari, soha bo‘yicha xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki hamda xorijiy tilni bilish darajasi hisobga olinadi.
| T/r | Talabgor nomzodni baholash mezon va shartlari |
Qoʻyiladigan ball koʻrsatkichlari | Izoh |
|---|---|---|---|
| 1 | O‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi | 30 ballgacha | Talabgor nomzod tomonidan mustaqil tanlangan asosiy 2 ta ilmiy-tadqiqot ishi inobatga olinadi va har biri 15 ballgacha baholanadi |
| Qanday ilmiy-tadqiqot ishlari (loyiha)da ishtirok etadi | 10 ballgacha | Asosiy tanlangan 2 ta ilmiy-tadqiqot ishidan boshqa barcha ishlari inobatga olinadi va jami 10 ballgacha baholanadi | |
| 2 | Soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi fan olimpiadasi, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va erishgan natijalari | 30 ballgacha | Talabgor nomzodning tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishiga mosligiga ustuvorlik beriladi |
| 3 | Til bilish sertifikatining mavjudligi | 30 ballgacha | Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan milliy va xalqaro sertifikatlar inobatga olinadi. |
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar dastlab o‘z oliy ta’lim tashkiloti kengashiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Kengash tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar Agentlikning tanlov komissiyasi tomonidan baholanadi.
Loyihaga ko‘ra, stipendiyaga loyiq deb topilgan talabalar ro‘yxati Agentlikning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Shuningdek, tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlarga natijalar e’lon qilinganidan keyin 48 soat ichida apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi murojaatlarni uch kun ichida ko‘rib chiqishi belgilangan.
