Bugundan xodimlarning ish tashlash huquqini tartibga soluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi

Bugundan xodimlarning ish tashlash huquqini tartibga soluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi

O‘zbekistonda xodimlarning ish tashlash huquqini tartibga soluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi. 2026-yil 11-iyundagi O‘RQ-1150-son Qonun bilan Mehnat kodeksiga ish tashlash bilan bog‘liq yangi moddalar kiritildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyundagi O‘RQ-1150-son “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Mehnat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

 

Huquqshunos Muhammadamin Karimjonovning yozishicha, mazkur Qonun bugun, 12-sentyabrdan kuchga kirgan. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksining 581–593-moddalarida ish tashlashni tashkil etish va o‘tkazishning huquqiy asoslari belgilangan.

 

Mehnat kodeksining 581-moddasiga asosan, agar ushbu Kodeksda belgilangan yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji boʻlmasa, shuningdek ish beruvchi yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillaridan bosh tortgan yoki jamoaviy mehnat nizosini hal qilish paytida erishilgan kelishuvni bajarmagan boʻlsa, mehnat jamoasi jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning usuli sifatida ish tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.

 

Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy hisoblanadi. Hech kim xodimni ish tashlashda qatnashishga yoki qatnashmaslikka majburlashi mumkin emas.

 

Qonunchilikka ko‘ra, ish tashlash, qoida tariqasida, xodimlarning doimiy ish joyida amalga oshiriladi.