Qozog‘istonda bolalarga yo‘naltirilgan fastfud hamda tarkibida shakar, tuz hamda to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘lgan mahsulotlar reklamasini cheklash taklif etilmoqda. Tegishli cheklovlar televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklamaga tatbiq etilishi mumkin.
Qozog‘istonda bolalarga yo‘naltirilgan fastfud, shirin ichimliklar hamda tarkibida shakar, tuz va to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar reklamasini cheklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Tengri Health Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunday mahsulotlarni televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklamalarda targ‘ib qilishni cheklash taklif etilmoqda. Shu maqsadda amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqilgan.
Hozirda vazirlik taklif etilayotgan cheklovlarning tartibga solish ta’siri tahlilini ishlab chiqishni boshlagan.
Qonunchilik tashabbuslarining asosiy maqsadi — marketingni bolalarning ovqatlanish tanloviga ta’sirini kamaytirish va ularda erta yoshdan sog‘lom odatlarni shakllantirishga ko‘maklashish. Oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi bolalar va o‘smirlarga ayniqsa kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ular yorqin qadoqlar, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar va boshqa marketing vositalariga ko‘proq ta’sirchan, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.
Ta’kidlanishicha, mazkur choralar mahsulotlarning o‘zini taqiqlashga emas, bolalarning bunday mahsulotlar reklamasiga kamroq duch kelishini ta’minlashga qaratilgan.
Tadqiqotlar nima deydi?
Qozog‘istonda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 6–9 yoshdagi deyarli har to‘rtinchi bolada ortiqcha vazn mavjud, 6 foizida esa semirish tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, o‘smirlarning 17,5 foizi haftasiga kamida bir marta energetik ichimliklar iste’mol qiladi.
Qozog‘istonda sog‘lom ovqatlanishni shakllantirish bo‘yicha qator choralar allaqachon amalga oshirilmoqda. 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga energetik ichimliklarni sotish taqiqlangan. 2025-yil sentyabridan ta’lim tashkilotlarida yangi Ovqatlanish standarti amal qilmoqda. Unda ratsiondagi shakar va tuz miqdorini kamaytirish, shuningdek, sabzavot, meva va sut mahsulotlari ulushini oshirish nazarda tutilgan. Hududlarga bolalar va ota-onalarni sog‘lom ovqatlanish tamoyillari haqida xabardor qilish hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish topshirilgan, — deya ma’lum qilgan vazirlik.
Avvalroq, Buxoroda 18 yoshli talaba qiz doimiy noto‘g‘ri ovqatlanish sabab shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.
