O‘quvchilarning savodxonligi keskin tushib ketdi: Buning sababi nimada?

O‘quvchilarning savodxonligi keskin tushib ketdi: Buning sababi nimada?

Dunyodagi o‘smirlarning o‘qish savodxonligi pasayib, bu ko‘rsatkich XXI asrda eng quyi darajaga tushdi. Mutaxassislar bunga asosiy sabab sifatida o‘smirlarning ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazayotganlarini keltirishdi.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) 2025-yilgi PISA tadqiqotida 91 ta mamlakatdan 760 ming nafar 15 yoshli o‘quvchi qatnashgan. Tadqiqotga ko‘ra, 2000-yildan beri o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha eng past natija qayd etilgan. Ishtirokchi o‘smirlardan 20 foizi bu fanlardan boshlang‘ich daraja ballini to‘play olmagan. Bu 2022-yilgi tadqiqotga qaraganda 4 % ko‘proq.

 

O‘qish bo‘yicha o‘rtacha natija 2012-yildagi 501 balldan 2025-yilda 466 ballgacha pasaygan. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonlik darajasi bir yosh kichik o‘quvchilardan kutilgan darajaga tenglashgan.

 

Mutaxassislar o‘quvchilarning matnlarni chuqur o‘qish o‘rniga tezda ko‘z yugurtirib chiqayotgani va shoshilinch ravishda javob berayotganini qayd etgan. OECD bosh kotibi Mettias Kormenning ta’kidlashicha, bunga sabab qisqa kontentlarning ommalashgani va kitob o‘qish kamayib ketgani bo‘lishi mumkin.

 

OECD tadqiqotida ishtirok etgan mamlakatlardagi o‘quvchilar ish kunlari o‘rtacha 3,4 soatni ko‘ngilochar maqsadlarda raqamli qurilmalardan foydalanishga, yana qariyb 3 soatni ta’lim uchun sarflamoqda. Mutaxassislar raqamli texnologiyalar ta’limni yaxshilashi mumkinligini, biroq ulardan haddan tashqari foydalanish aks ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Qurilmalardan foydalanish kuniga 5 soatdan oshganda o‘quv natijalari pasaya boshlagan.

 

PISA tadqiqotida o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishi ham tahlil qilingan. Deyarli har ikki o‘quvchidan biri ta’lim jarayonida SI chatbotlardan muntazam foydalanishini aniqlangan. Jumladan, O’zbekistondagi o’smirlar ham sun’iy intellektdan foydalanish darajasi yuqori.

 

Sun’iy intellektdan insho yozish, matnni qisqartirish yoki mavzu bo‘yicha tadqiqot olib borishni to‘liq topshirgan o‘quvchilarning tabiiy fanlardagi natijalari bunday vositalardan foydalanmaganlarga nisbatan o‘rtacha 20 ballga past bo‘lgan. Bu taxminan bir yillik ta’lim farqiga teng.

 

Shu bilan birga, OECD texnologiya va sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni butunlay rad etmaydi. Tashkilot ularni aniq maqsadlarda, me’yorida va o‘quvchining mustaqil fikrlashi hamda o‘qituvchining yo‘naltiruvchi roli saqlangan holda qo‘llash zarurligini ta’kidlamoqda.

 

Avvalroq, PISA 2025 natijalarida O‘zbekistondagi o‘quvchilarning ko‘rsatkichlari haqida xabar bergan edik.