Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarini qo‘shimcha va maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2026-yil 1-sentyabr holatiga 138 813 nafar o‘quvchi qo‘shimcha ta’limga jalb qilingan, maktabgacha ta’limda esa 31 728 nafar bola uchun ota-ona to‘lovi davlat budjetidan qoplab berilgan.
Hukumatning 2025-yil 14-iyundagi 365-son qaroriga muvofiq, maktablardagi o‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilishda o‘qitish xarajatlarining 80 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Buning uchun o‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilish, jarayonlarni monitoring qilish va to‘lovlarni amalga oshirish uchun kelajak.uzedu.uz elektron platformasi ishga tushirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda platformada 9 766 ta tashkilot, jumladan, 8 666 ta davlat va 1 100 ta nodavlat tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan.
2026-yil 1-sentyabr holatiga asosan, 138 813 nafar o‘quvchi axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, umumta’lim fanlari, 1–4-sinflarda uzaytirilgan kun guruhlari hamda kasb-hunar yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb qilingan. Bu ko‘rsatkich 2025-yildagi 88 421 nafar o‘quvchiga nisbatan 50 392 nafarga yoki 57 foizga ko‘p.
Qo‘shimcha ta’lim uchun 129,3 mlrd so‘m o‘qitish xarajatlari yo‘naltirilgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 15,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, 2025–2026-o‘quv yilida “Kelajak” markazlarida jami 223 166 nafar o‘quvchi qo‘shimcha ta’limga jalb qilingan. Shundan 21 918 nafari Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lib, ular to‘lovlardan ozod qilingan.
Maktabgacha ta’lim qamrovi ham kengaytirilmoqda
Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish maqsadida 2026-yilda 1 369 ta mahallada oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan. Natijada 53 219 ta yangi bola o‘rni yaratilgan. 2025-yilda esa 1 187 ta shunday tashkilotda 50 040 ta o‘rin mavjud bo‘lgan.
2026-yilning o‘tgan davrida 14 492 ta oilaviy nodavlat MTTda tarbiyalanayotgan Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 31 728 nafar farzandi uchun ota-ona to‘lovi sifatida 7,8 mlrd so‘m davlat budjetidan yo‘naltirilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yildagi 17 938 nafar bolaga nisbatan 13 790 nafarga yoki 76,9 foizga ko‘p.
Ta’lim natijalari ham qayd etilgan
Vazirlik taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 484 nafar o‘quvchi umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikat olgan.
Shuningdek, 6 590 nafar 11-sinf bitiruvchisining oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridagi oʻrtacha bali 85,4 ballni tashkil etgan.
OTMga kirish testlarida ijobiy natijalar qayd etgan hududlar orasida Navoiy viloyati — 105,06 ball, Buxoro viloyati — 96,21 ball va Farg‘ona viloyati — 87,28 ball bilan qayd etilgan.
Avvalroq, maktablarda 67 298 ta sport seksiyasi tashkil etilib, 1,3 mln nafardan ortiq o‘quvchi sportga jalb qilingani haqida ma’lumot berilgandi.
