PISA 2025 natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yoshli o‘quvchilarning aksariyati tabiiy fanlar darslarida o‘qituvchilar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan. Mazkur ko‘rsatkichlarning barchasi OECD mamlakatlari o‘rtacha natijasidan yuqori bo‘lgan.
Joriy yil 8-sentyabr kuni PISA 2025 tadqiqoti doirasida o‘quvchilarning maktabdagi ta’lim jarayoni va o‘qituvchilarning ularga ko‘rsatadigan yordami bilan bog‘liq ma’lumotlar ham e’lon qilindi.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘quvchilar o‘qituvchilar tomonidan ko‘rsatiladigan yordamni yuqori baholagan.
Xususan, O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning 87 foizi tabiiy fanlar darslarida o‘qituvchi har bir o‘quvchining bilim olishiga qiziqish bildirishini aytgan. OECD mamlakatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 69 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, o‘quvchilarning 88 foizi o‘qituvchi mavzuni o‘quvchilar tushunmaguncha tushuntirishda davom etishini bildirgan. OECD mamlakatlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 66 foizni tashkil etgan.
Yana 88 foiz o‘zbekistonlik o‘quvchi yordamga ehtiyoj tug‘ilganda o‘qituvchi qo‘shimcha yordam berishini qayd etgan. OECD mamlakatlarida bunday javob bergan o‘quvchilar ulushi o‘rtacha 73 foiz bo‘lgan.
O‘zbekiston yuqori ko‘rsatkich qayd etgan
PISA 2025 hisobotidagi o‘qituvchi yordami indeksi bo‘yicha ham O‘zbekiston yuqori natija qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy olgan.
Mazkur ko‘rsatkich o‘quvchilarning o‘z fikrlariga asoslangan. Ya’ni PISA o‘quvchilardan darslarda o‘qituvchi ularga qay darajada yordam berishi, o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga qiziqishi va mavzuni tushunishlari uchun qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatishi haqida so‘ralgan.
Hisobotdagi grafikda 2015 va 2025-yil natijalari ham taqqoslangan. O‘zbekiston PISA 2015 tadqiqotida qatnashmagani sababli mamlakat uchun ushbu grafikda faqat 2025-yil ko‘rsatkichi mavjud.
Umuman, PISA 2025 natijalari O‘zbekistonda tabiiy fanlar darslarida o‘qituvchilarning o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash darajasi OECD mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq, O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 91 ta davlat orasida 48-o‘rinni egallagani hamda mamlakatda o‘quvchilar AI’dan faol foydalanayotgani, kiberbulling darajasi esa pastligi haqida PISA 2025 natijalariga tayanib ma’lumot bergan edik.

