PISA 2025 natijalarida O‘zbekistondagi o‘quvchilarning sun’iy intellektdan o‘quv maqsadlarida foydalanish darajasi OECD o‘rtachasidan yuqori ekani qayd etildi. Shu bilan birga, o‘quvchilar orasida kiberbulling holatlari nisbatan kam, tabiiy fanlar bo‘yicha natija esa OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lgan.
PISA 2025 tadqiqotida o‘quvchilarning sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanishi, shuningdek, internetdagi xavfsizligi va kiberbulling holatlari ham o‘rganilgan.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘quvchilarning maktab topshiriqlarini bajarishda sun’iy intellektdan foydalanish darajasi OECD mamlakatlari o‘rtachasidan yuqori. Biroq AI’dan foydalanish darajasi bilan o‘quvchilarning akademik natijalari o‘rtasida bevosita bog‘liqlik kuzatilmaydi.
Masalan, ayrim mamlakatlarda o‘quvchilar sun’iy intellektdan faol foydalansa-da, bu har doim ham yuqori ta’lim natijalarini anglatmaydi. Singapurda AI’dan foydalanish darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, mamlakat tabiiy fanlar bo‘yicha 550 balldan yuqori natija qayd etgan. Yaponiyada esa AI’dan foydalanish nisbatan kamroq bo‘lsa-da, tabiiy fanlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan.
O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi esa grafikda 430–440 ball atrofida, OECD mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichi 482 ballni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkichlar sun’iy intellektdan ko‘p foydalanishning o‘zi yuqori natijani kafolatlamasligini ko‘rsatadi. AI’dan qanday maqsadda va qanchalik to‘g‘ri foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ta’lim natijalariga o‘qitish sifati, maktab muhiti, o‘qituvchilarning salohiyati va boshqa omillar ham ta’sir qiladi.
O‘zbekistonda kiberbulling darajasi past
PISA 2025 doirasida o‘quvchilarning internetdagi xavfsizligi ham baholangan.
O‘zbekistonda o‘quvchilarning qariyb 2 foizi ular haqida xafa qiladigan yoki noqulay ma’lumotlar roziligisiz internetga oyiga bir necha marta joylashtirilishini bildirgan. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lib, u 3 foizdan biroz yuqori.
Taqqoslash uchun, Ruandada bunday holatlarni qayd etgan o‘quvchilar ulushi 20 foizdan oshgan. Ayrim boshqa mamlakatlarda esa ushbu ko‘rsatkich 10 foizdan yuqori bo‘lgan.
Bunda PISA’dagi mazkur ko‘rsatkich kiberbullingning barcha shakllarini emas, balki o‘quvchi haqida uni ranjitadigan yoki noqulay ma’lumotlarning roziligisiz internetga joylashtirilishi holatini aks ettiradi.
Avvalroq, PISA 2025 natijasiga ko‘ra O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 91 ta davlat orasida 48-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanishi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


