ChatGPT yetti yoshli boladagi insult alomatlarini shifokorlardan oldin aniqladi

ChatGPT yetti yoshli boladagi insult alomatlarini shifokorlardan oldin aniqladi

Buyuk Britaniyada yetti yoshli bola tanasining chap qismida uvishish va holsizlikdan shikoyat qilganidan bir necha hafta o‘tib insultni boshdan kechirgan. Uning onasi dastlab ChatGPT’ga murojaat qilgan va sun’iy intellekt boladagi alomatlar insult belgisi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, biroq dastlabki shifoxona ko‘rigida bolaning holati aniqlanmagan.

 

Voqea 2026-yil may oyida boshlangan. Yetti yoshli Junior suzish vaqtida tanasining chap qismida uvishish, “jimirlash” va holsizlikni his qilgan.

 

Bolaning onasi Evangeline Williams uning alomatlari sababini aniqlash uchun ChatGPT’dan maslahat so‘ragan. Sun’iy intellekt bu belgilar insult bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytib, bolani shifokorga ko‘rsatishni tavsiya qilgan.

 

Shundan so‘ng ona bolani shifoxonaga olib borgan. Biroq shifokorlar ko‘rikdan keyin bolani uyiga jo‘natgan.

 

Keyingi haftalarda bolaning ahvoli yomonlashishda davom etgan. 25-iyun kuni Junior ko‘ngli aynib uyg‘ongan, alahsiray boshlagan, atrofdagilarga javob bermagan va deyarli harakatlana olmagan.

 

Onasi uni yana shifoxonaga olib borgan.

 

“U uyg‘onib, o‘zini yomon his qilayotganini aytdi, keyin bir necha marta qayt qildi. U juda qattiq gangib qolgan edi. Kulardi, yura olmasdi va o‘z tanasining og‘irligini ushlab turolmasdi. U umuman javob bermasdi”, — deya aytgan bolaning onasi.

 

O‘sha kuni Buyuk Britaniyada havo harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan edi. Shu sababli ona dastlab bolaning ahvoli kuchli issiq tufayli yomonlashgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylagan.

 

Biroq shifoxonada bolaning ahvoli yanada jiddiy ekani ma’lum bo‘lgan. Onasining aytishicha, unda tutqanoqqa o‘xshash alomatlar paydo bo‘lgan va bola og‘riqdan qichqirgan. Oilaning qat’iy talabidan so‘ng shifokorlar bolani to‘liq tekshirgan.

 

O‘tkazilgan tomografiya natijasida miya arteriyalaridan biri tiqilib qolgani aniqlangan. Bu esa ishemik insultga sabab bo‘lgan.

 

Junior shoshilinch ravishda ixtisoslashgan klinikaga olib ketilgan va uch hafta davomida sun’iy koma holatida saqlangan. Shifokorlar bolaning tiklanishiga pessimistik prognoz bergan — eng yaxshi holatda u o‘ng qo‘li bilan tugmasini taqa olish darajasida tiklanishi mumkinligini aytishgan.

 

Ammo bolaning ahvoli kutilganidan yaxshiroq kechgan. 11-avgust kuni u shifoxonadan chiqarilgan. Hozir Junior yana yurish va gapirishni o‘rganmoqda.

 

Shunga qaramay, insult natijasida miyasining zararlanishi uning rivojlanishida jiddiy ortga ketishga sabab bo‘lgan. Ayni paytda onasi uning reabilitatsiyasi bilan shug‘ullanmoqda.

 

Mazkur holat yuzasidan shifoxonalar birlashmasi vakili bolaning oilasidan rasman uzr so‘ragan. Shuningdek, shifokorlar nima sababdan insultni dastlabki bosqichda aniqlay olmaganini o‘rganish uchun ichki tekshiruv boshlangan.

 

Avvalroq, Nyu-Yorkdagi davlat maktablarida 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga AI’dan foydalanish taqiqlanganligi haqida xabar bergan edik.