Kasbiy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirish yakunlanishiga 2 kun qoldi

Kasbiy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirish yakunlanishiga 2 kun qoldi

2026/2027-o‘quv yili uchun kamida umumiy o‘rta ma’lumot (11-sinf) negizida kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul davom etmoqda. Abituriyentlar boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kunduzgi, kechki hamda dual ta’lim shakllariga hujjatlarini 10-sentyabrgacha topshirishlari mumkin.

 

Kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayoni my.edu.uz platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

 

Tibbiyot texnikumlariga kechki va dual ta’lim shakllari, shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha hujjatlar ham 10-sentyabrgacha qabul qilinadi.

 

Tibbiyot texnikumlarining kunduzgi ta’lim shaklidagi mahalliy ta’lim dasturlariga o‘qishga kirish istagidagi abituriyentlar esa oliy ta’lim muassasalariga tanlov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun davomida tegishli mutaxassislik va ta’lim tilini tanlagan holda tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

 

Boshqa texnikumlarga kirish sinovlari yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi.

 

2026/2027-o‘quv yili uchun 641 ta texnikumga jami 134 960 ta qabul o‘rni tasdiqlangan. Shundan 61 550 tasi davlat granti asosida.

 

Qabul o‘rinlari ta’lim shakllari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:

 

— kunduzgi ta’lim — 87 700 ta, shundan 39 390 tasi davlat granti;

 

— kechki ta’lim — 4 440 ta;

 

— dual ta’lim — 42 820 ta, shundan 22 160 tasi davlat granti.

 

Avvalroq, kasbiy ta’limda o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash tartibi belgilanganligi haqida xabar bergan edik.