Damasda 25 nafar bog‘cha bolasini tashigan haydovchi xodimlar va ota-onalardan uzr so‘radi

Damasda 25 nafar bog‘cha bolasini tashigan haydovchi xodimlar va ota-onalardan uzr so‘radi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Damas avtomobilida belgilangan me’yordan ortiq 25 nafar bog‘cha bolasi tashilgani aniqlandi. Transportni boshqargan haydovchi esa avval mast holda avtomobil boshqargani uchun sud qarori bilan haydovchilik huquqidan mahrum qilingan bo‘lgan.

 

4-sentabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani Ohangaron ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori Damas avtomobilini to‘xtatib, tekshirgan.

 

Tekshiruv davomida avtomobilda belgilangan me’yordan ortiq odam, jami 25 nafar bog‘cha bolasi olib ketilayotgani aniqlangan.

 

Shuningdek, haydovchining transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan. U avval mast holda transport boshqargani sababli sud qarori bilan haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.

 

Haydovchi bolalarni xavf ostida qoldirgani uchun ularning ota-onalari va bog‘cha xodimlaridan uzr so‘ragan hamda kelgusida qonun talablariga rioya qilishini bildirgan.

 

Damas avtomobili vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

 

Bu bog‘cha bolalarini Damas avtomobilida me’yoridan ortiq tashish bilan bog‘liq ilk holat emas. Joriy yil may oyida Sirdaryoda ham bir nechta shunday holatlar aniqlangan. Ulardan birida haydovchi Damas’da 29 nafar bolani olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.

 

Bundan tashqari, Samarqand viloyatining Jomboy va Payariq tumanlarida Damas avtomobillarida 28 nafargacha bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashish holatlari aniqlangan.

 

Shuningdek, Navoiy viloyatining Nurota tumanida esa oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokida og‘ir YTH sodir bo‘lgan. 13 nafar bolani Matiz avtomobilida bog‘chaga olib ketayotgan ayol boshqaruvni yo‘qotib, halokatga uchragan. Natijada haydovchi vafot etgan, bolalardan biri koma holatiga tushgan.