Sirdaryoda bog‘cha bolalarini meyoridan ortiq tashiyotgan bir nechta Damas avtomobillari aniqlangan. Haydovchilardan biri Damas avtomobilida 29 nafar bolani olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida bir nechta Damas rusumli transport vositalari haydovchilari bog‘cha yoshidagi bolalarni belgilangan me’yordan ortiq tarzda tashib ketayotgani aniqlanib, YPX inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan.
Aniqlanishicha, haydovchilardan biri tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birining 29 nafar tarbiyalanuvchisini bitta Damas avtomobilida olib ketayotgan bo‘lgan.
Yana bir holatda esa Damas transport vositasida 20 nafar bog‘cha bolasi tashilgani ma’lum bo‘lgan.
Qoidabuzarlik holatlari yuzasidan haydovchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Avvalroq, Samarqand viloyatida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Jomboy va Payariq tumanlarida “Damas” avtomashinasi orqali 28 tagacha bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashish holatlari aniqlangan edi.
