HEMIS tizimining 1.9.57-versiyasida oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonlarini tashkil etish va talabalarni tizimga kiritish bilan bog‘liq bir qator funksiyalar takomillashtirildi. Yangilanishda buyruq va farmoyishlarga talabalarni qo‘shish nazorati kuchaytirilib, my.edu.uz va HEMIS o‘rtasida yangi xizmat joriy etildi.
HEMIS tizimining 1.9.57-versiyasi 2026-yil 9-sentyabr kuni oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Yangi versiyada talabalarni tizimga kiritish va ularni buyruq hamda farmoyishlar asosida rasmiylashtirish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Buyruq va farmoyishlarga talabalarni qo‘shish nazorati kuchaytirildi
Endilikda, agar talaba avval mos turdagi buyruq yoki farmoyishga qo‘shilgan va mazkur hujjat hali imzolanmagan bo‘lsa, uni boshqa shu turdagi buyruq yoki farmoyishga qo‘shish mumkin bo‘lmaydi.
“Boshqa” statusidagi talabalar anketasini o‘chirish funksiyasi takomillashtirildi
Agar talaba biror buyruq yoki farmoyishga qo‘shilgan va mazkur hujjat hali to‘liq imzolanmagan bo‘lsa, uning anketasini o‘chirish mumkin.
Bunda talaba qo‘shilgan buyruq yoki farmoyishdagi shu vaqtgacha qo‘yilgan imzolar bekor qilinadi va hujjat qayta tahrirlash holatiga o‘tkaziladi.
my.edu.uz va HEMIS o‘rtasida yangi xizmat joriy etildi
my.edu.uz va HEMIS tizimlari o‘rtasida talabalarni tegishli bo‘lmagan OTT tizimidan chiqarish bo‘yicha yangi xizmat joriy etildi. Talabaning murojaatiga asosan uning anketasi OTT bazasidan avtomatik tarzda o‘chiriladi yoki o‘chirish uchun tegishli murojaat yuboriladi.
Avvalroq, 5-sentyabr kunidagi versiyasiga ko‘ra 2026/2027 o‘quv yili uchun qanday yangilanishlar bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
