Talabalar o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Talabalar o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etishning yangi tartibi belgilandi.

 

Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 499-son qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Olimpiadalar uchun nazorat materiallarini ishlab chiqish, iqtidorli talabalar zaxirasini shakllantirish hamda tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish vazirlik huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Nizomga ko‘ra:

 

Olimpiada ishtirokchilarini ro‘yxatga olish, jarayonlarni monitoring qilish va natijalarni shaffof e’lon qilish uchun yagona elektron axborot tizimi yuritiladi.

 

Respublika fan olimpiadalari 2 bosqichda o‘tkaziladi:

  • 1-bosqich — oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat talabalari o‘rtasida;
  • 2-bosqich — vazirlik tomonidan belgilangan tayanch oliy ta’lim tashkilotlarida;

 

Har bir bosqichda 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar keyingi bosqichga tavsiya etiladi.

 

Olimpiadalar o‘tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Olimpiada jarayonida aloqa vositalari va qo‘shimcha manbalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Olimpiada natijalari musobaqa o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilinadi.

 

Natijalardan norozi ishtirokchilar olimpiada natijalari e’lon qilingan kunning o‘zida apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat qilishi mumkin.

 

O‘zbekiston talabalari ishtirok etishi lozim bo‘lgan nufuzli xalqaro olimpiadalar ro‘yxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va har yili yangilanadi.

 

Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish uchun terma jamoalarni saralash, maqsadli tayyorlash va ularning ishtirokini ta’minlash alohida reglament asosida amalga oshiriladi.

 

G‘oliblar qanday rag‘batlantiriladi?

 

Respublika fan olimpiadalari:

  • 1-o‘rin — talabaga 50 BHM, ustoziga 25 BHM;
  • 2-o‘rin — talabaga 40 BHM, ustoziga 20 BHM;
  • 3-o‘rin — talabaga 30 BHM, ustoziga 15 BHM miqdorida bir martalik pul mukofoti.

 

Xalqaro olimpiadalar:

  • 1-o‘rin — talabaga 100 BHM, ustoziga 50 BHM;
  • 2-o‘rin — talabaga 75 BHM, ustoziga 40 BHM;
  • 3-o‘rin — talabaga 50 BHM, ustoziga 30 BHM miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

 

Shuningdek, xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga lavozim maoshining 100 foizi, respublika fan olimpiadasining II bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga esa 50 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

 

Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari, davlat organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda qo‘shimcha fan olimpiadalarini tashkil etish imkoniyati ham belgilandi.

 

2027-yil 1-yanvarga qadar kimyo va biologiya fanlaridan talabalar o‘rtasida xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etish choralari ko‘riladi.