Samarqand viloyati Kattaqo‘rgʻon tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sharipov Behro‘z Otabek o‘g‘li hayotda o‘z maqsadlariga erishish uchun astoydil harakat qilayotgan o‘quvchi sifatida misol bo‘ladi. U kimyo va biologiya fanlaridan A, o‘zbek tili va adabiyotidan B+, matematika va tarixdan esa B darajali milliy sertifikatlarni qo’lga kiritgan.
Behro‘z kelgusida shifokor bo‘lishni, keyinchalik xorijdagi nufuzli universitetlarda ham oʻqishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Barcha fanlarimni yopaman deb o‘ylamagandim..”
Behro‘z o‘zi haqida quyidagilarni qayd etdi:
“Shu kungacha egallagan bilimlarim bilan malakali shifokor bo’lish niyatim bor va buning uchun tibbiyot yo‘nalishida O‘zbekistondagi oliy davlat tibbiyot oliygohlariga topshirmoqchiman. Keyinchalik esa chet eldagi nufuzli xalqaro universitetlarda ham oʻqish maqsadidaman”, — deydi u.
U o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish uchun bir yildan ortiq vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
“Taxminan 1 yarim yil oldin 2024-yil kuzida sertifikatlar olishga harakat boshlaganman. Lekin hozirgacha barcha fanlarimdan sertifikatlar olib yopaman deb oʻylamagandim. Albatta, tayyorgarlik jarayonida oʻqituvchilarimning hissasi katta. Asosiy fanlarim ya’ni biologiya va kimyo fanidan ikki urinishda A darajali sertifikat uchun 1 yil-u 2 oy, ona tili uchun 1 oy, matematika uchun 2 oy, tarix uchun yana 1 oy tayyorgarlik koʻrganman”.
“Oson yo‘lning oʻzi boʻlmaydi”
O‘quvchi bu natijalarga darsliklar, test toʻplamlari hamda oʻqituvchilari qoʻl ostida o‘rganilgan bilimlar orqali erishganini ta’kidlaydi.
“Katta maqsadlarda oson yoʻlning oʻzi boʻlmaydi. Savollar doim oʻz qiyinchiligiga ega boʻldi. Oʻz bilimimga ishonardim, lekin hech bir imtihondan keyin aniq ishonch bilan katta ketib chiqmadim”.
“Bilimni boshqalarga o‘rgatish orqali mustahkamlash mumkin”
Behro‘zning o‘rganayotgan bilimlarini mustahkamlashdagi asosiy yondashuvi darslarda faol bo‘lish va o‘rganilgan bilimni boshqalarga o‘rgatish bo‘lgan.
“O‘rgangan bilimni boshqalarga ham o‘rgatish kerak, bu takrorlash bo‘ladi va bilim mustahkamlanadi. Oʻquvchi oʻzi izlanib va oʻzi ustida qancha koʻp ishlasa shunchalik oʻziga foydali boʻladi. Imtihonda esa shoshilmaslik va hayajonlanmaslik muhim. Bitta javob chiqmagan savolda toʻxtab qolmaslik kerak, oʻzim shu usulni qoʻllab test natijamni ancha yaxshilaganman”, deydi u.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va shaxsiy motivatsiya
Behro‘z vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘zining asosiy usullaridan biri deb biladi.
“Avvalo kun tartibini tuzish muhim, ertangi kunni bugun rejalashtirish lozim. Vaqtida menda ham qiyinchiliklar va vaqtni taqsimlay olmaslik holatlari uchrab turdi. Qachonki, ortiqcha narsalardan voz kechib vaqtni toʻgʻri taqsimlash va fokusni toʻgʻri qaratishni yoʻlga qoʻyib olgunimgacha”, deb ta’kidladi u.
U, shuningdek, o’ziga motivatsiya topishga muvaffaq bo‘lish uchun qiyinchiliklarni yengib o‘tgan.
“Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kecha bilish kerak. Maqsadlarga yetishish yoʻlida toʻyib uxlashdan voz kechishga ham toʻgʻri kelgan. Menda ham koʻp marta uyqusiz tunlar boʻldi, ammo erishgan yutuqlarim uchun bu arzimaydi deb hisoblayman”.
“Ular toʻxtab qolishimni istashmagan boʻlishardi, deb oʻylayman..”
U kelajagi uchun muhim ishlar bilan shug‘ullanayotgan bir davrda hayotidagi eng katta zarbani yaqin insonlarining yo‘qolishi bilan olganini, ammo to‘xtab qolmaslikka qaror qilganini aytadi:
“Psixologik tayyorgarlik juda muhim. Inson doim oʻzida kuch topa bilishi zarur ekan. Tushkunlikka tushgan paytlarim boʻldi, lekin oʻzimga motivatsiya qidirib buni yengib oʻtishga doim harakat qildim. Yaqinda hayotimdagi eng muhim yaqin insonlarim boʻlgan dadam va bobomni yoʻqotganim men uchun ogʻir zarba boʻldi. Lekin shuni tushundimki, toʻxtab qolmaslik kerak ekan. Ular toʻxtab qolishimni istashmagan boʻlishardi, deb oʻylayman”, — deydi u.
Maktabdagi faoliyatlar: “EcoAktivist va Tashabbuskor”
Maktabda ham Behro‘z o‘zining faol pozitsiyasini ko‘rsatib kelmoqda. U hozirda EcoAktivist va EcoSchools loyihasi doirasida suvni tejash yo‘nalishida maktab sardori bo‘lib, turli tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
“Boʻsh vaqtimda sport bilan shugʻullanaman. Endi ham oʻqishda toʻxtab qolish yoʻq, ingliz tili va rus tili fanlarini oʻrganishni boshlamoqdaman. Maktabni bitirgunimga qadar ingliz tili fanidan milliy yoki xalqaro sertifikat olmoqchiman”.
“O‘z maqsadlaringizga erishishda o‘zingizga ishoning”
O‘quvchi o‘zining ilmiy yutuqlari va shaxsiy tajribalari bilan o‘z sinfdoshlari va boshqalar uchun o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. U har bir tengdoshiga ishonch bildirayotganlarning ishonchini oqlash uchun o‘z ustida ishlashlarini, maqsadlari sari harakatlanishlari va chekinmasliklarini maslahat beradi.
“Maslahatim sizga ishonch bildirayotganlarning ishonchini oqlash oʻzingizning qoʻlingizda, maqsadlaringiz sari olgʻa harakatlaning va chekinmang. Tavakkal qilishdan qoʻrqmang, oʻz ustingizda koʻproq ishlang va izlaning deya olaman” deb yakunlaydi Behro‘z.
Behro‘zni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, tibbiyot yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan Samarqandlik o‘quvchi Xuramboyeva E’zoza Rustam qizi bilan suhbatlashgan edik.
