‘‘Telefon chalg‘itadi, bu haqiqat’’: surxondaryolik oʻquvchi bir nechta fandan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi

‘‘Telefon chalg‘itadi, bu haqiqat’’: surxondaryolik oʻquvchi bir nechta fandan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 10-sonli umumtaʼlim maktabi 11-B sinf oʻquvchisi Qurbonova Mashhura bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba boʻlish imkoniyatini bermoqda.

 

Mashhura kelgusida shifokor boʻlishni maqsad qilgan va Samarqand davlat tibbiyot universitetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur oʻquvchi bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. U kimyo fanidan A, biologiya fanidan B+, oʻzbek tili va adabiyoti, matematika hamda tarix fanlaridan esa C+ darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Uning aytishicha, milliy sertifikat olishni unga biologiya o‘qituvchisi Ergashev Ma’rufjon ustoz tavsiya qilgan. Shundan keyin u o‘z ustida ko‘proq ishlay boshlagan va tayyorgarlikka jiddiy yondashgan.

 

“Raqobat meni yanada kuchliroq boʻlishga undadi”, — deydi Mashhura.

 

Mashhura uchun barcha fanlar birdek oson boʻlmagan. U ayniqsa kimyo va biologiya fanlarini boshida oʻzlashtirishda biroz qiynalganini aytadi. Biroq ustozlarining yordami bilan bu fanlar ham asta-sekin tushunarli boʻlib borgan.

 

“Ona tili fani men uchun nisbatan osonroq tuyuldi. Dosiyorov Husan ustozimning yordami bilan qisqa vaqt ichida yaxshi natijaga erishdim”, — deydi u.

 

Tarix va matematika fanlari ham dastlab qiyinchilik tugʻdirgan boʻlsada, oʻqituvchilarining qoʻllab-quvvatlashi natijasida bu fanlar ham ancha osonlashgan.

 

Mashhura milliy sertifikat natijalari oʻz kutganidan ham yaxshi boʻlganini taʼkidlaydi. Ayniqsa tarix va matematika fanlarida qisqa muddatda yuqori natija olishni avvaliga tasavvur qilmaganini aytadi.

 

Shuningdek, u imtihon savollari oʻziga xosligini, oʻylaganidan oson tushganligini ta’kidladi. Mashhuraning kundalik oʻqish rejimi juda tartibli boʻlgan. U maktab darslari bilan bir qatorda sertifikat imtihon tayyorgarligini ham muvozanatda olib borgan.

 

“Oʻqish rejimim ustozlarim tomonidan aniq qilib tuzib chiqilgan edi. Bir daqiqani ham bekorga isrof qilmaslik va boʻsh vaqtim boʻlganda ham oʻsha fanlar uchun kerakli nimadir oʻrganishdan iborat boʻlgan”, — deydi u.

 

Uning aytishicha, tayyorgarlik jarayonida maktabdagi ustozlari hamda sinf rahbarining ham katta yordami boʻlgan.

 

Mashhura asosan kunlik testlar, darsdagi savol-javoblar va baʼzan onlayn darslar orqali tayyorlanganini aytadi.

 

‘‘Testlarda koʻpincha natijam men oʻylagandek chiqmas edi. Baʼzida hammasini toʻxtatishni oʻylab qolganman. Lekin onajonim bilan dadajonim boshlagan ishingni oxirigacha yetkazishni oʻrgan deb uqtirishar edi’’, — deydi u.

 

U tayyorgarlik davrida telefon va ijtimoiy tarmoqlardan deyarli cheklanganini aytadi. Faqat Telegram orqali uy vazifalari va topshiriqlarni bajarish uchun foydalangan.

 

“Telefon chalgʻitadi, bu haqiqat”, — deya qoʻshimcha qiladi u.

 

Mashhura “Men uddalay olmayman”, ‘‘Menga hozir shu oʻqish kerakmi?’’ degan fikrlar ham boʻlganini yashirmaydi. Biroq ota-onasi va ustozlari uni doim ruhlantirib, bu fikrlarni yengishga yordam bergan.

 

“Men albatta uddalay olaman, degan fikr bilan harakat qilganman. Milliy sertifikat bu ertaga oʻqishga kirishingizni taʼminlab beradigan birdan bir manbadir. Shuningdek, inson nimagadir erishishni niyat qilgan boʻlsa, demak nimadandir voz kechishi ham kerak”, — deydi Mashhura.

 

Avvalroq, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Farmonov O‘tkirbek muddatidan oldin talaba bo‘lish imkonini qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.