Ozarbayjonda maktab o‘quvchilari uchun TikTok’ga kirish taqiqlandi

Ozarbayjonda maktab o‘quvchilari uchun TikTok’ga kirish taqiqlandi

Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari maktablarda TikTok ijtimoiy tarmog‘i hamda zararli mazmundagi 200 dan ortiq videomaterialga kirish taqiqlanganini ma’lum qildi.

 

Avvalroq xabar berganimizdek, 2026-yilning iyun boshida Ozarbayjonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi parlament majlisida muhokama qilingandi.

 

Soʻng 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament majlisida qonun loyihasi ovozga qoʻyilgan va uchinchi oʻqishda qabul qilingandi. Unga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning belgilangan ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 16–18 yoshdagilar uchun esa qo‘shimcha xavfsizlik talablari va qonuniy vakil nazorati belgilangan.

 

Endi esa Ozarbayjon fan va ta’lim vazirligi bolalarni zararli internet kontentidan himoya qilishda ota-onalarning ham mas’uliyatiga e’tibor qaratdi.

 

Report.az axborot agentligi xabariga ko‘ra, Ozarbayjonda maktab o‘quvchilari uchun TikTok ijtimoiy tarmog‘i hamda zararli mazmundagi 200 dan ortiq videomaterialga kirish cheklandi. Bu haqda Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Firudin Gurbanov ma’lum qilgan.

 

Uning ta’kidlashicha, cheklov o‘rnatilgan videolarda jinoyatchilik, giyohvand moddalar iste’moli, zo‘ravonlik va boshqa zararli holatlar aks etgan.

 

Bunday cheklovlar faqat maktablar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ota-onalar ham farzandlarining zararli kontent va platformalardan foydalanishini nazorat qilishi lozim, — degan vazirlik vakili.

 

Avvalroq, Turkiyada joriy yilning 1-noyabridan boshlab 15 yoshga toʻlmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xizmatlarini koʻrsatish taqiqlanishi haqida xabar berilgan edi.