Xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olimlar uchun reintegratsiya grantlari tanlovi e’lon qilindi

Xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olimlar uchun reintegratsiya grantlari tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olimlar uchun 24 oyga mo‘ljallangan reintegratsiya grantlari tanlovini e’lon qildi. Har bir loyiha uchun BHMning 12 000 baravarigacha mablag‘ ajratiladi. Arizalar 22-noyabrga qadar qabul qilinadi.

 

Fanlar akademiyasi jamg‘armasi xorijiy ilmiy markazlar va oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olimlarni mamlakatga qaytarish hamda Fanlar akademiyasi tizimiga jalb etish maqsadida reintegratsiya grantlari tanlovini e’lon qildi.

 

Tanlov Prezidentning 2025-yil 27-dekabrdagi 390-son qarori hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumining 2026-yil 2-oktyabrdagi 39-son qarori asosida tashkil etilmoqda.

 

Kimlar tanlovda ishtirok etishi mumkin?

 

Tanlovda xorijiy ilmiy markazlar, universitetlar yoki boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlar qatnashishi mumkin.

 

Talabgorlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

 

  • taklif etilayotgan loyiha mavzusi bo‘yicha yetarli ilmiy tajriba va natijalarga ega bo‘lish;
  • O‘zbekistonga qaytib, loyiha amalga oshiriladigan davrda Fanlar akademiyasi tizimidagi qabul qiluvchi ilmiy tashkilotda faoliyat yuritish majburiyatini olish;
  • qabul qiluvchi ilmiy tashkilot bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishish;
  • taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlarning haqqoniyligini kafolatlash.

 

Talabgorning yoshi, Xirsh indeksi (h-index), muayyan kvartildagi jurnallarda chop etilgan maqolalari soni va boshqa bibliometrik ko‘rsatkichlar tanlovda qatnashish uchun majburiy cheklov hisoblanmaydi. Biroq ular tegishli fan sohasining xususiyatlaridan kelib chiqib, talabgorning ilmiy salohiyatini baholashda inobatga olinishi mumkin.

 

Arizalar qabul qilish muddati

 

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 2026-yil 22-oktyabrdan 22-noyabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

 

Hujjatlar belgilangan shakllarda to‘ldirilib, elektron tarzda loyiha.academy.uz platformasi orqali topshirilishi lozim. Hujjatlarning qog‘oz nusxalari ham Fanlar akademiyasi Prezidiumining 209-xonasida har kuni soat 9:00 dan 18:00 gacha qabul qilinadi.

 

Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan yoki to‘liq bo‘lmagan hujjatlar ko‘rib chiqilmaydi. Nizomda texnik kamchiliklarni bartaraf etish uchun belgilangan holatlar bundan mustasno.

 

Bir talabgor tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etishi mumkin.

 

Grant miqdori qancha?

 

Tanlov yo‘nalishlari doirasida har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 12 000 baravaridan oshmaydigan miqdorda mablag‘ ajratiladi. Loyihalar 2027-yildan boshlab ikki yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

Ajratilgan mablag‘lar ilmiy tadqiqotlarni olib borish, ilmiy asbob-uskunalar, xomashyo va boshqa zarur materiallarni xarid qilish hamda moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

 

Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlar ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek, ish haqidan tashqari, umumiy mablagʻning kamida 40 foizi ilmiy asbob-uskunalar, xom ashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarga yoʻnaltirilishi lozim, bunda fundamental, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi loyihalarda mazkur miqdor 20 foizgacha kamaytirilishi mumkin.

Birinchi yil uchun mablag‘lar shartnoma kuchga kirganidan keyin ajratiladi. Ikkinchi yilgi moliyalashtirish loyihaning oraliq ilmiy va moliyaviy hisobotlari ijobiy baholanib, Jamg‘arma Kengashi tegishli qaror qabul qilganidan so‘ng davom ettiriladi.

 

Qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar qabul qilinadi?

 

Tanlovga quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy loyihalar taqdim etish mumkin:

 

  • biotexnologiya va gen muhandisligi;
  • aqlli materiallar va nanotexnologiyalar;
  • sun’iy intellekt, Big Data va kvant texnologiyalari;
  • qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi, yashil texnologiyalar;
  • tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashish va toza suv;
  • yadroviy fan va radiatsion texnologiyalar;
  • raqamli tabiat;
  • seysmik xavfsizlik;
  • milliy tarix va jamiyat;
  • ma’naviy meros va raqamli qo‘lyozma.

 

Taqdim etiladigan loyihalar dolzarb ilmiy yoki ilmiy-texnik muammoni hal etishga qaratilgan, ilmiy yangilik va amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi lozim.

 

Shuningdek, loyihalar 24 oy ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lishi, aniq maqsad va kutilayotgan natijalarga ega bo‘lishi, mahalliy ilmiy salohiyatni oshirish, yosh olimlarni jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.

 

Tanlov uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

 

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

 

  • belgilangan shakldagi ariza;
  • talabgorning tarjimayi holi (CV);
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • vatandosh maqomini tasdiqlash imkonini beruvchi hujjatlar yoki ma’lumotlar;
  • xorijiy ilmiy yoki oliy ta’lim tashkilotida ilmiy faoliyat yuritayotganini tasdiqlovchi hujjat;
  • ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjat nusxasi, mavjud bo‘lsa;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xorijda olingan ilmiy darajani tan olishga oid hujjat;
  • asosiy ilmiy natijalar, nashrlar, patentlar va ishlanmalar ro‘yxati;
  • belgilangan shakldagi loyiha pasporti;
  • loyihani 24 oy davomida amalga oshirish bo‘yicha kalendar reja;
  • loyihaning maqsadli ko‘rsatkichlari va kutilayotgan natijalari;
  • xarajatlar smetasi va xarajatlarni asoslovchi ma’lumotlar;
  • qabul qiluvchi tashkilot ilmiy kengashining loyihani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarori yoki bayonnomasidan ko‘chirma;
  • qabul qiluvchi tashkilotning zarur shart-sharoitlarni ta’minlash to‘g‘risidagi kafolat xati;
  • ayni xarajatlar boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilmaganligi to‘g‘risidagi kafolat xati;
  • manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligi to‘g‘risidagi deklaratsiya;
  • zarur hollarda ilmiy etika, biologik, ekologik, radiatsiya yoki boshqa xavfsizlik talablariga muvofiq ruxsatnoma va xulosalar.

 

Tanlov e’lonida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar ham talab qilinishi mumkin. Xorijiy tilda rasmiylashtirilgan hujjatlarga zaruratga ko‘ra o‘zbek tilidagi tarjimasi ilova qilinadi.

 

Loyihalar qanday baholanadi?

 

Dastlabki saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar mustaqil ekspertlar tomonidan 100 ballik tizim asosida baholanadi.

 

Baholash quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

 

  • talabgorning ilmiy salohiyati, xorijdagi ilmiy tajribasi va natijalari — 25 ball;
  • loyihaning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligi — 25 ball;
  • kutilayotgan ilmiy va amaliy natijalar hamda ularni joriy etish imkoniyati — 20 ball;
  • reintegratsiya samarasi, yosh tadqiqotchilar va xalqaro hamkorlikka ta’siri — 15 ball;
  • loyihani amalga oshirish imkoniyati va xarajatlar smetasining asoslanganligi — 15 ball.

 

Har bir loyiha kamida ikki nafar ekspert tomonidan baholanadi. Ekspertlar baholari o‘rtasidagi farq nizomda belgilangan miqdordan oshsa, loyiha qo‘shimcha ravishda uchinchi ekspertga taqdim etiladi.

 

Tanlov natijalarini eʼlon qilish

 

Tanlov natijalari Fanlar akademiyasi Prezidiumining tegishli qarori rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida akademiyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. E’londa g‘olibning F.I.Sh., loyiha nomi, qabul qiluvchi tashkilot, loyihani amalga oshirish muddati va ajratilgan mablag‘ miqdori ko‘rsatiladi.

 

Yakuniy bahosi belgilangan o‘tish balidan past bo‘lgan loyihalar moliyalashtirish uchun tavsiya etilmaydi. G‘oliblar ekspert baholari va loyihalar reytingi asosida aniqlanadi.

 

Tanlov jarayonida nizom talablari buzilgan deb hisoblagan talabgorlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida asoslantirilgan e’tiroz bilan murojaat qilishi mumkin.