Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi eʼlon qilinmagan: oʻqituvchilar imtihonga qanday tayyorlanadi?

Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi eʼlon qilinmagan: oʻqituvchilar imtihonga qanday tayyorlanadi?

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Ammo o‘qituvchilar uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi hali eʼlon qilinmagan

 

Avvalroq boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida xabar bergandik. Arizalar 5-noyabrga qadar qabul qilinadi.

 

Biroq pedagoglar imtihonga qanday tayyorlanishi hozircha noma’lum. Chunki imtihonning rasmiy spetsifikatsiyasi hali e’lon qilinmagan.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, imtihonda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining fanlar bo‘yicha bilimlari, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahorati baholanadi.

 

Nizomning 8-bandida imtihonga kiritiladigan fanlar va mavzular, savollar soni va turlari, vaqt me’yori, baholash mezonlari hamda imtihon muddatlari vakolatli organ tomonidan tasdiqlanib, rasmiy veb-saytda e’lon qilinishi belgilangan.

 

Ammo Bilim va malakalarni baholash agentligining “Milliy test tizimi spetsifikatsiyasi” bo‘limida boshqa fanlarga oid hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha spetsifikatsiya joylashtirilmagan.

 

Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni spetsifikatsiyasi eʼlon qilinmagan: oʻqituvchilar imtihonga qanday tayyorlanadi?
Ekran rasmi: Bilim va malakalarini baholash agentligi rasmiy sayti

Albatta, nizomda imtihonning umumiy yo‘nalishlari ko‘rsatilgan. Lekin pedagog aynan qaysi fan va mavzulardan nechta savol tushishini, testlarning murakkablik darajasi hamda imtihon davomiyligini bilmasdan turib, tayyorgarligini qanday rejalashtiradi?

 

Qolaversa, yangi joriy etilayotgan imtihon uchun namunaviy test topshiriqlari ham muhim. Ular o‘qituvchilarga savollarning shakli va murakkabligi haqida aniq tasavvur beradi.

 

E’tiborli jihati, 411-son qarorda imtihon formati va baholash mezonlarini e’lon qilish belgilangan, ammo buning uchun aniq muddat ko‘rsatilmagan.

 

Shu bois ayni paytda jamoatchilikda bir qator savollar ochiq qolmoqda:

 

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonining spetsifikatsiyasi tasdiqlanganmi?

Agar tasdiqlangan bo‘lsa, nega hozirgacha e’lon qilinmagan?

Spetsifikatsiya hali tayyor bo‘lmasa, qachon e’lon qilinadi?

Pedagoglar qaysi fan va mavzular asosida tayyorgarlik ko‘rishi kerak?

Savollar soni, turi va murakkablik darajasi qanday bo‘ladi?

Namunaviy test topshiriqlari qachon taqdim etiladi?

Dastlabki imtihonlar qachon o‘tkaziladi va pedagoglarga tayyorgarlik uchun qancha vaqt beriladi?

 

Ro‘yxatdan o‘tish boshlangan bir paytda bu savollarga aniqlik kiritilishi minglab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun muhim.

 

Talimxabarlari.uz mazkur masala yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy munosabatini e’lon qilishga tayyor.