O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar kamaydi

O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar kamaydi

O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar kamaydi, inklyuziv maktablar soni esa 5 baravar oshdi. Bu haqda deputat Qizilgul Qosimova ma’lum qildi.

 

Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda 100 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etgan.

 

Sammitda bolalar salomatligini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, ijtimoiy himoya va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan investitsiyalarni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, davlat rahbari sammit ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan.

 

UzA muxbirining xabar berishicha, bu bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova davlat rahbarining murojaatiga munosabat bildirgan.

 

Prezidentimizning Samarqandda oʻtkazilgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl” butunjahon sammiti ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatini Xalq demokratik partiyasi aʼzosi, deputat va, eng muhimi, bir ona sifatida hayajon bilan oʻqib chiqdim. Davlatimiz rahbarining har bir soʻzida bolalarimizga cheksiz mehr va ularning taqdiri uchun chuqur masʼuliyat sezilib turadi.

Taʼkidlanganidek, har bir bola hozirning oʻzida mehr, xavfsizlik, sifatli taʼlim va zarur tibbiy yordamga haqli. Bu soʻzlar partiyamizning bosh gʻoyasi — ijtimoiy birdamlik va teng imkoniyatlar tamoyili bilan toʻliq hamohang. Bolaning qadri uning kelajakda topadigan daromadi bilan emas, inson sifatidagi betakrorligi bilan oʻlchanadi. Shuning uchun ham bola hayotining ilk kunlaridan boshlab ona salomatligi, toʻgʻri ovqatlanish va erta rivojlanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ehtiyojlarni oʻz vaqtida aniqlab, muhtoj oilalarga ijtimoiy va tibbiy yordamni manzilli yetkazish ham shunga xizmat qiladi, — dedi Qizilgul Qosimova.

 

Deputatning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar kamaygan, inklyuziv maktablar soni 5 baravar oshgan. Nogironligi bo‘lgan bolalarning aksariyati ta’limga jalb etilgan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning barchasi esa oilaviy tarbiya bilan qamrab olingan.

 

Shuningdek, og‘ir kasalliklarni erta aniqlash va bolalar onkologiyasi bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlash orqali sog‘liqni saqlash tizimini yanada mustahkamlash vazifasi belgilangan.