Qoraqalpog‘istonda 10-sinf o‘quvchisi bir nechta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Qoraqalpog‘istonda 10-sinf o‘quvchisi bir nechta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toʻrtkul tumani 30-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sheripbayev Bunyodbek bir nechta fanlardan milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi. U o‘zbek tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan B, biologiyadan esa B+ darajali natijaga erishdi.

 

Bunyodbek kelgusida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Aynan shu orzu uni erta harakat qilishga undagan. U o‘z yo‘nalishini aniq belgilab olgani sababli, qaysi fanlarga urg‘u berish kerakligini ham yaxshi tushungan.

 

“O‘quvchilarni o‘zi xohlagan kasbga yo‘naltirish va shu yo‘nalishda rivojlantirish kerak”, — deydi u.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri o‘quvchi bilan suhbatlashib, uning tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi haqida ma’lumot oldi.

 

“Hammasi 9-sinfda boshlandi”

 

Bunyodbekning sertifikat olish fikri 9-sinfda paydo bo‘lgan. Bu davr ko‘pchilik o‘quvchilar uchun yo‘nalish tanlash bosqichi bo‘lsa, u buni imkoniyat sifatida ko‘rgan.

 

“Sertifikat olish gʻoyasi 9-sinfligimda paydo boʻldi. Tayyorgarlik jarayoni oson bo‘lmadi, qiyinchiliklar bo‘ldi. Lekin shuni tushundimki, qiyinchiliksiz natijaga erishib bo‘lmaydi”.

 

Uning bu qarori o‘z vaqtida qabul qilingani natijaga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

 

O‘quvchi tayyorgarlik jarayonida barcha fanlarga turli vaqt davomida tayyorlangan.

 

Biologiya — 1,5 yil

Tarix — 4 oy

Ona tili va adabiyot — 1 oy

 

“Yozib o‘rganish — eng yaxshi usul”

 

Bugungi ta’lim muhitida resurslar juda ko‘p. Bunyodbek ham bu imkoniyatlardan maksimal foydalangan:

 

“Repetitor bilan tayyorlanib, ko‘proq o‘z ustimda ishlashda onlayn platformalardan foydalandim”, deydi u.

 

Uning ta’kidlashicha, shunchaki o‘qish yetarli emas. Eng muhim jihat — faol o‘rganish:

 

“Ma’lumotlarni yozish orqali eslab qolish ancha oson bo‘ladi”.

 

Imtihon: kutilganidek murakkab

 

Ko‘pchilik o‘quvchilar imtihon paytida qiyinchilikka duch keladi. Bunyodbek ham bundan mustasno emas:

 

“Savollar darajasi aynan kutilganidek qiyin tushdi”.

 

Bu esa shuni anglatadiki, imtihon real tayyorgarlikni talab qiladi, yuzaki bilim bilan yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi.

 

 “Vaqtni to‘g‘ri ishlatish — yarim g‘alaba”

 

Sertifikatlar sohibi tayyorgarlik davomida vaqtni boshqarishga alohida e’tibor bergan:

 

“Albatta, har vaqtdan unumli foydalanishga urindim. Shuningdek, uyqu rejimimni buzmaslikka harakat qildim, sababi uyqu ortidan inson miyasi dam oladi”.

 

Demak, sifatli tayyorgarlik uchun dam olish ham zarur.

 

Tushkunlik: tabiiy holat, lekin chiqish yo‘li bor

 

Tayyorgarlik jarayonida unda ham ruhiy bosim bo‘lgan:

 

“Tushkunlik bo‘ldi. Lekin yaxshi niyat qilib, harakat qilish kerak. Sertifikatga topshirishdan oldin har qanday natijaga inson psixologik tayyor boʻlishi kerak,”

 

U yana bir muhim jihatni qo‘shimcha qildi: “Shoshilmaslik kerak deb oʻylayman”

 

Bu nafaqat imtihon, balki tayyorgarlik jarayoniga ham tegishli. Jumladan, u bilim olishda ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalangan:

 

“Ko‘plab foydali ma’lumotlarni aynan ijtimoiy tarmoqlardan oldim.”

 

Bunyodbek erishgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Hozirda u matematika va kimyo fanlaridan ham tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kuz faslida sertifikat olish uchun sinovlarda qatnashishni rejalashtirgan.

 

Bunyodbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani 11-sinf o‘quvchisi Otarbaeva Nilufar 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgani haqida xabar bergan edik.