Belgiyaning Lyej shahrida ta’lim xarajatlarining oshishi va ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi o‘tkazilgan talabalar namoyishida 100 dan ortiq kishi qo‘lga olindi.
Belgiyaning Lyej shahrida ta’lim xarajatlarining oshishiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar vaqtida ayrim joylarda tartibsizliklar yuzaga kelgani sababli politsiya 100 dan ortiq kishini qo‘lga oldi. Xabaringiz bor, shunga o‘xshash namoyishlar Belgiyaning qo‘shnisi Fransiyada ham davom etmoqda.
Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari talabalar shaharda namoyish o‘tkazib, Belgiyaning fransuz tilidagi ta’lim tizimida sinflarning haddan tashqari gavjumligi hamda zarur resurslardan foydalanish qiyinligiga qarshi norozilik bildirdi.
Belga axborot agentligi Lyej politsiyasiga tayanib xabar berishicha, namoyishlar vaqtida 80 kishi qo‘lga olingan, 27 kishi esa rasman hibsga olingan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim namoyishchilar mulkka zarar yetkazgan va yong‘inlar chiqargan.
Namoyishchilar ta’lim tizimidagi muammolar ularni ko‘chaga chiqishga majbur qilganini ta’kidlagan.
Namoyishlarsiz hech narsa o‘zgarmayotganini ko‘rganimizdan so‘ng, ko‘chaga chiqishga qaror qildik. Fransiyadagi namoyishlar bizga ham biroz ta’sir ko‘rsatdi, — degan 19 yoshli talaba.
Rasmiylar vaziyatni yumshatish va yangi tartibsizliklarning oldini olishga harakat qilmoqda.
Lyej shahri hokimi Villi Demeyer yoshlar o‘z noroziligini tinch yo‘l bilan ifoda etishi va imkon qadar ularning muammolari tinglanishini ta’kidlagan.
Belgiyada ta’lim mamlakatning til jamoalari tomonidan mustaqil ravishda boshqariladi va yagona milliy o‘quv dasturi mavjud emas.
Niderland tilida so‘zlashuvchi Flandriya aholisi ushbu hududdagi ta’lim tizimini boshqaradi, fransuz tilida so‘zlashuvchi Valloniya esa o‘z o‘quv dasturini mustaqil belgilaydi.
Ikki tilda so‘zlashiladigan poytaxt Bryusselda ota-onalar farzandlarini qaysi ta’lim muassasasiga berishni o‘zlari tanlashi mumkin.
Lyejdagi namoyishlar yoz oylarida Bryusselda fransuz tilida so‘zlashuvchi hududlarda talabalar uchun kontrakt to‘lovining 835 yevro (11 million 21 ming so‘m)dan 1 194 yevro (15 million 759 ming so‘m)gacha oshirilishiga qarshi o‘tkazilgan, ayrim hollarda zo‘ravonlik bilan kechgan namoyishlardan keyin yuz bergan.
AlJazeera’ning yozishicha, Belgiyada turmush xarajatlari inqirozi va energiya narxlarining keskin oshishi ta’lim budjetiga bosim o‘tkazmoqda. Bu muammolar Fransiyadagi talabalar noroziliklarining kuchayishiga ham sabab bo‘lmoqda.

