Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni o‘tkaziladigan vaqt depressiyani boshqa onlayn faoliyatlarga qaraganda aniqroq ko‘rsatuvchi omil bo‘lib chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni o‘tkaziladigan vaqt depressiya bilan bog‘liqlikni boshqa ko‘plab omillarga, jumladan, kasb, ta’lim darajasi, kompyuter o‘yinlari, internetdan foydalanish yoki televizor tomosha qilishga qaraganda aniqroq ko‘rsatadi. Bunday xulosaga npj Mental Health Research jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari kelishgan.
Tadqiqotchilar 2014–2024-yillarda har yili o‘tkazilgan “Media xulq-atvori va uning ta’siri” tadqiqoti ma’lumotlarini tahlil qilishgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardan har kuni 150 daqiqadan ortiq foydalanish depressiyaning o‘zini o‘zi baholash ko‘rsatkichi bilan sezilarli darajada bog‘liq. Eng muhimi, ushbu kritik chegara tadqiqotning barcha 11 yili davomida o‘zgarmagan, hatto COVID-19 pandemiyasi ham bunga ta’sir ko‘rsatmagan.
Manzara tashvishli. Ijtimoiy tarmoqlar har qanday yoshdagi odamlarga zarar yetkazmoqda. Foydalanish vaqtini oshirish uchun qaramlik mexanizmlariga asoslangan usullardan foydalanadigan mahsulot ta’siriga o‘zimizni duchor qilmasligimiz kerak, — qayd etgan tadqiqotga rahbarlik qilgan Sinsinnati universiteti professori Hans Brayter.
Tahlilga 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 183 300 nafar kishi o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovnomalarda turli mavzularga oid 1318 ta savol mavjud bo‘lib, salomatlik holati 31 ta ko‘rsatkich, jumladan, depressiyaning o‘zini o‘zi baholash ko‘rsatkichi orqali o‘lchangan. Ma’lumotlarni qayta ishlash uchun bunday tadqiqotlarda ilk bor mashinaviy o‘rganish modelidan foydalanilgan.
Ilgari chop etilgan tadqiqotlarning aksariyati yoshlar, alohida ma’lumotlar to‘plamlari yoki ekran qarshisida o‘tkaziladigan umumiy vaqtga e’tibor qaratgan. Biz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshqa raqamli faoliyatlardan ajratib ko‘rsatishni hamda ushbu bog‘liqlik turli tanlanmalar va turli yillarda saqlanib qolishini tekshirishni xohladik, — degan Sinsinnati universiteti iqtisodchisi, tadqiqotning yetakchi mualliflaridan biri Vikram Suresh.
Tadqiqot davrida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish depressiyaning tobora muhimroq ko‘rsatkichi bo‘lib borgan, televizor tomosha qilish va internetda bo‘lish kabi boshqa ko‘plab omillardan ustun kelgan.
Mazkur tadqiqot hammuallifi, Sinsinnati universiteti vakili Nikol Vaykning ta’kidlashicha, yillar davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xususiyati o‘zgargan:
Dastlab ijtimoiy tarmoqlar biz tanigan odamlar bilan muloqot qilish joyi edi. Endi esa odamlar asosan notanishlar tomonidan yaratilgan kontentni iste’mol qilmoqda. Kun-u tun ijtimoiy tarmoqlarda o‘tiradiganlarga qarang. Ular hatto ruhiy salomatligini tiklash uchun raqamli detoks o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Tadqiqot hammuallifi Sumra Barining qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan vaqtni cheklashning ko‘plab usullari mavjudligini aytgan. Masalan, taymer o‘rnatish, bildirishnomalarni o‘chirish har safar akkauntdan butunlay chiqib ketish mumkin. Afsuski, zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan ijtimoiy tarmoqlardan odamlar butunlay voz kechishiga umid qilish mutlaqo befoyda.
Shunga qaramay, Sinsinnati universiteti professori Hans Brayter bugungi kunda internetga chuqur singib ketgan madaniyat sabab yuzaga kelayotgan zararni kamaytirish yo‘llarini topish jamiyat uchun foydali bo‘lar edi, deb hisoblaydi.
Bu tashvishli signal, — deya xulosa qilgan u.
