“Qilinadigan ishlar ko‘p” — Zafar Hoshimov ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar haqida fikr bildirdi

“Qilinadigan ishlar ko‘p” — Zafar Hoshimov ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar haqida fikr bildirdi

Tadbirkor Zafar Hoshimov Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruhga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgani haqida fikr bildirdi.

 

Xabaringiz bor, Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etildi.

 

Mazkur ishchi guruhga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.

 

Zafar Hoshimov o‘zining Telegram sahifasida ushbu vazifa yuzasidan fikrlarini bildirib, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish masalalari ko‘p yillardan buyon faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelayotganini yozdi.

 

U Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarni qayd etib, yangi Ta’lim va fan vazirligi tashkil etilishi tizimga yangicha yondashuvlarni joriy etish, ta’limni iqtisodiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

 

Zafar Hoshimov maxsus ishchi guruhga rahbarlik qilish vazifasi ishonib topshirilgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirgan.

 

“Bu mas’uliyat O‘zbekistonning kelajak avlodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘p yillik faoliyatimning mantiqiy davomidir”, — deb yozadi u.

 

Zafar Hoshimov ta’lim sohasidagi faoliyati doirasida Teach For Uzbekistan tashkiloti Vasiylik kengashi a’zosi, TEAM University asoschilaridan biri, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti jamoasining faxriy a’zosi (Honorary Fellow) hamda Toshkent davlat universiteti Kengashi a’zosi sifatida ishtirok etib kelmoqda.

 

“Oldimizda turgan muhim vazifalarni amalga oshirish yo‘lida tadbirkorlar, ta’lim sohasi mutaxassislari, olimlar va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutmoqdaman. Qilinadigan ishlar ko‘p. Bu mas’uliyatli vazifaga o‘z amaliy tajribam, kuch-g‘ayratim va aniq natijalarga erishishga qaratilgan yondashuvim bilan hissa qo‘shishga tayyorman”, — deya ta’kidladi Hoshimov.

 

Shuningdek, u insonlarga sarmoya kiritish va o‘zgarib borayotgan iqtisodiyot ehtiyojlariga javob bera oladigan ta’lim tizimini shakllantirish O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi haqida fikr bildirgan.

 

Ma’lumot uchun Zafar Hoshimov 1968-yil 29-iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, ‘‘Korzinka’’ supermarketlar tarmog‘i asoschisi hisoblanadi.