2026-yilgi Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik shoir va yozuvchi Enn Karsonga berildi. U klassik adabiy an’analar bilan zamonaviy adabiy shakllarni o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashtirgan ijodi uchun taqdirlandi.
8-oktyabr kuni 2026-yilgi Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati e’lon qilindi. Mukofot Enn Karsonga “klassik an’analar bilan erkin muloqotda zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllarni yaratgan jur’atli va ijodkorona asarlari uchun” uchun berildi.
Enn Karson 1950-yilda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan. U she’riyat, nasr, esse va tarjimani birlashtirgan ijodi, shuningdek, qadimgi yunon adabiyotidan qilgan tarjimalari bilan tanilgan.
Yozuvchining mashhur asarlari qatorida 1998-yilda nashr etilgan “Autobiography of Red” hamda 2019-yilda yaratilgan “Norma Jeane Baker of Troy” bor. Birinchi asarda qadimgi yunon mifologiyasidagi Geryon obrazi zamonaviy voqea bilan qayta talqin qilingan bo‘lsa, ikkinchisida Troya malikasi Yelena va Merilin Monro obrazlari bir-biri bilan bog‘langan.
Karsonning ijodida filologiyaning so‘zlarga bo‘lgan qiziqishi va shoirning ularga yangi ma’no berishga intilishi uyg‘unlashadi. U qadimgi yunon adabiyoti asarlarini ham tarjima qilgan bo‘lib, Nobel qo‘mitasi uning tarjimalarini mustaqil adabiy asarlar sifatida ham baholagan.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnahorkayga berilgan. U “apokaliptik vahima fonida san’at kuchini tasdiqlaydigan ta’sirli va bashoratli ijodi uchun” ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.
2026-yilgi Nobel mukofotining boshqa yo‘nalishlardagi sovrindorlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha — yorug‘lik bilan boshqariladigan ion kanallari va optogenetikani yaratganligi uchun Karl Dayserot, Peter Hegemann va Georg Nagelga berildi.
Fizika bo‘yicha — IceCube Neutrino observatoriyasiga qo‘shgan hissasi va yuqori energiyali neytrinolarni kashf etgani uchun belgiyalik Frensis Halzenga berildi.
Kimyo bo‘yicha — fransuz va yapon olimlariga berildi. Ular asimmetrik organik sintezda chiziqli bo‘lmagan effektlar va avtokataliz hodisasini kashf etganlik uchun sovringa loyiq ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, Nobel jamg‘armasi 2026-yilda har bir Nobel mukofoti kategoriyasi uchun beriladigan pul mukofotini 1 mln Shvetsiya kronasiga oshirilgan. Endilikda laureatlarga har bir kategoriya bo‘yicha 12 mln krona beriladi.
