Marg‘ilonda xususiy bog‘cha rahbarining avtomobilida 2 yosh 10 oylik bola qolib ketib, vafot etgan. Bog‘cha rahbariga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida xususiy bog‘cha rahbarining avtomobilida bola qolib ketishi oqibatida uning vafot etishi bilan bog‘liq jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan.
Daryo tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, ayol 2019-yildan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog‘cha tashkil qilgan. Ayrim ota-onalar farzandlarini bog‘chaga olib borib-kelishda undan yordam so‘ragan. Shu sababli bog‘cha rahbari ba’zan tarbiyalanuvchilarni o‘zining Nexia-3 avtomobilida tashib yurgan.
2026-yil 23-iyun kuni ertalab u bir necha bolani bog‘chaga olib ketgan. Yo‘lda farzandlarini shu bog‘chaga olib borayotgan ayol ham ularga qo‘shilgan.
Bog‘chaga yetib kelgach, ayol o‘z farzandlarini tushirib, boshqa bir bolaga ham mashinadan chiqishga yordam bergan. U mashinadagi yana bir bolani bog‘cha rahbari tushiradi deb o‘ylab farzandlari bilan ichkariga kirgan. Biroq bola avtomobilda qolib ketgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, ayol barcha bolalar mashinadan tushgan deb o‘ylab, avtomobilni salqinroq joyga olib borgan va eshiklarini qulflab, bog‘chaga kirgan. Keyinchalik hujjatlar bilan shug‘ullangan va bolalarga tushlik berishda yordam bergan. Taxminan soat 11:40 larda u uyiga ketgan. Shundan so‘ng avtomobil eshigi ochilganda, uning ichida bola borligi aniqlangan.
Bog‘cha rahbari bolani mashinadan olib, bog‘chaga olib kirgan va tez tibbiy yordam chaqirgan. Bola shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning vafot etganini ma’lum qilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaning yopiq avtomobilda uzoq vaqt qolishi oqibatida nafas olish va yurak-qon tomir faoliyati buzilgan. Mazkur holat uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Sud bog‘cha rahbari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani oqibatida bola vafot etgan, degan xulosaga kelgan.
Marg‘ilon shahar sudi hukmi bilan X.U. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, 3 yil muddatga maktabgacha ta’lim sohasida mansabdorlik vakolati va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Sudda bolaning otasi farzandlarini bog‘chaga olib borib-kelishda sudlanuvchidan yordam so‘raganini va buning uchun undan haq olinmaganini bildirgan. U sudlanuvchiga nisbatan moddiy va ma’naviy zarar hamda jazo masalasida talabi yo‘qligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida ham Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchi transport vositasida unutib qoldirilishi oqibatida vafot etgan edi. Voqeadan keyin bog‘cha faoliyatini yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan tegishli bitim hujjatlari bekor qilingan.
