Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Mustaqillik saroyida jurnalistlar bilan suhbatda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi qanday bosqichda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda NUR.KZ nashri xabar berdi.
Xabaringiz bor, joriy yil avgust oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Bu safar mahalliy jurnalistlar Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Kochetovdan ushbu masala bo‘yicha vazirlikda qandaydir aniqlik paydo bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘rashdi.
Hozir qonun loyihasida ikkita norma mavjud. Birinchisi, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun cheklov joriy etilishini nazarda tutadi. Ikkinchi norma esa verifikatsiya, ya’ni foydalanuvchining yoshini tasdiqlash bilan bog‘liq. Biz verifikatsiyani onlayn-platformaning o‘zi amalga oshirishi haqidagi rejani taklif qildik, — degan Yevgeniy Kochetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur norma dunyodagi tajriba tahlil qilinganidan so‘ng taklif etilgan.
Agar jahon kun tartibini kuzatayotgan bo‘lsangiz, ko‘plab mamlakatlar verifikatsiyani o‘z zimmasiga, ya’ni davlat zimmasiga olganini bilasiz. Afsuski, ko‘pgina mamlakatlarda bu amaliyot kutilganidek ishlamadi. Masalan, Avstraliyada bu tizim yetarlicha samarali ishlamadi, chunki hujjatlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Fransiyada esa shunga o‘xshash norma kiritilganda, Oliy Konstitutsiyaviy sud bu tartib bunday ko‘rinishda bo‘lmasligi kerakligini bildirdi. Norma hukumatga qaytarildi va prezident uni zudlik bilan qayta ishlab chiqishni topshirdi. Shu sababli biz verifikatsiya bo‘yicha majburiyatlarni onlayn-platformaning o‘zi zimmasiga olishi kerak degan tamoyilni tanladik, — deya tushuntirdi vazir o‘rinbosari.
U ijtimoiy tarmoqlarda qiziqarli kontent joylashtirmoqchi bo‘lgan bolalar masalasiga ham izoh berdi.
Hech kim ota-onalarga o‘z farzandlari haqida ma’lumot joylashtirishni taqiqlamaydi. Ya’ni buni ota-onalarning akkauntlari orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Gap bolalarning iste’dodini cheklash yoki ularning ovozini kamroq eshitish haqida emas. Gap, avvalo, ularni ijtimoiy tarmoqlardagi psixologik ta’sir, kiberbulling va boshqa xavflardan himoya qilish haqida ketmoqda. Shu sababli biz ushbu o‘zgartirish tufayli Qozog‘istonda iqtidorli bolalar soni kamaymasligiga ishonchimiz komil”, — degan Yevgeniy Kochetov.
Avvalroq, Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson boshchiligidagi hukumat partiyasi 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini parlamentga kiritgani haqida xabar berilgandi.
