Fransiyada 2027-yil yanvar oyidan boshlab 15 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Yangi qonunga ko‘ra, barcha foydalanuvchilar o‘z yoshini tasdiqlashi shart bo‘ladi. Hukumat bu chorani bolalar va o‘smirlarning internetdagi xavfsizligini ta’minlash bilan izohlamoqda.
Fransiyada 2027-yil yanvar oyidan boshlab 15 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakat parlamenti ushbu tartibni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun barcha foydalanuvchilar o‘z yoshini tasdiqlashi talab etiladi.
Fransiya hukumati yangi qonun bolalar va o‘smirlarning internetdagi xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Biroq ayrim siyosatchilar bunday taqiqning samaradorligi borasida shubha bildirmoqda.
2026-yil sentyabr oyidan boshlab Fransiyada 15 yoshga to‘lmaganlar ijtimoiy tarmoqlarda yangi akkaunt ocholmaydi.
Buning uchun barcha yangi foydalanuvchilar yoshini tasdiqlashi, ya’ni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun belgilangan yoshga yetganini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
2027-yil yanvar oyidan esa ushbu talab faqat yangi akkauntlarga emas, balki avvaldan mavjud barcha akkauntlarga ham tatbiq etiladi. Natijada Fransiyadagi barcha foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun kamida 15 yoshga to‘lganini tasdiqlashi talab etiladi.
Qonun yuzasidan xavotirlar ham bor
Yangi tartib bo‘yicha ayrim mutaxassislar va siyosatchilar shaxsiy ma’lumotlarning himoyasi, yoshni tasdiqlash tizimlarining ishonchliligi hamda qonun juda qisqa muddatda ishlab chiqilib, qabul qilinganiga oid xavotirlarni bildirgan.
Fransiyaning raqamli texnologiyalar vaziri Anne Le Hénanff esa bu tanqidlarga javoban, «Yoshni tasdiqlash texnologiyalari allaqachon mavjud», deya qonunning qisqa muddatda joriy etilishini oqlagan.
Buyuk Britaniyada ham shunday tartib joriy etilishi rejalashtirilgan
Fransiya Yevropada yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklayotgan birinchi davlat bo‘ldi. Biroq bunday tashabbus boshqa mamlakatlarda ham muhokama qilinmoqda.
2025-yil iyun oyida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Keir Starmer mamlakatda 16 yoshga to‘lmaganlar uchun 2027-yil yanvar oyidan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Taklif etilayotgan cheklovlar TikTok, Instagram, Snapchat, YouTube va Facebook kabi platformalarni qamrab oladi.
Biroq WhatsApp kabi xabar almashish ilovalari ushbu taqiq doirasiga kiritilishi kutilmayapti.
Avstraliya tajribasi qanday?
Fransiya dunyoda bunday taqiqni joriy etayotgan ikkinchi davlat hisoblanadi. Bundan avval Avstraliya 2024-yilda 16 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan edi. Shunday bo‘lsa-da, ayni damda ushbu taqiqni yanada kuchaytirmoqda.
Ushbu taqiq qanchalik samara berayotgani hamon ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tadqiqotlar esa ayrim voyaga yetmaganlar taqiq joriy etilganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Avstraliya qonunchiligiga ko‘ra, taqiqni buzgan bolalar yoki ularning ota-onalari emas, balki ijtimoiy tarmoq platformalari javobgarlikka tortiladi.
Qonun talablarini jiddiy yoki takroran buzgan platformalarga 25 million funt sterlinggacha (taxminan 34 million AQSH dollari) jarima solinishi mumkin.
Avvalroq, Janubiy Koreya ham 14 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.
