Janubiy Koreyada bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin. Hukumat 14 yoshgacha bo‘lganlar uchun akkaunt ochishni cheklash, 14–19 yoshdagilar uchun esa platformalarning ayrim funksiyalarini tartibga solishni rejalashtirgan.
Janubiy Koreya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, 14–19 yoshdagi o‘smirlar uchun platformalardagi qaramlikni kuchaytiruvchi algoritmlar va dizayn elementlarini cheklash ham rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Koreya OAV va Aloqa komissiyasi (Korea Media and Communications Commission) raisi Kim Jong-chol Cheong Va Deda o‘tkazilgan siyosiy brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan me’yoridan ortiq foydalanishi bugungi kunda dunyo miqyosidagi muammoga aylangan.
“Biz bosqichma-bosqich 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklash hamda 14–19 yoshdagi o‘smirlarni platformalardan ortiqcha foydalanishga undovchi dizayn va algoritmlarga ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rib chiqmoqdamiz”, — deydi Kim Jong-chol.
Uning ta’kidlashicha, mazkur masala yuzasidan Janubiy Koreya Milliy Assambleyasiga tegishli yettita qonun loyihasi kiritilgan.
Shu bilan birga, komissiya rahbari bunday cheklovlarni joriy etishda ehtiyotkorlik zarurligini qayd etdi. U 2011-yilda qabul qilingan va 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning tungi vaqtda (soat 00:00 dan 06:00 gacha) onlayn o‘yinlardan foydalanishini taqiqlagan «Shutdown Law»ni misol qilib keltirgan. Mazkur qonun fuqarolarning asosiy huquqlarini cheklashi hamda o‘yin va madaniyat sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli 2022-yil yanvar oyida bekor qilingan.
Janubiy Koreyaning ushbu tashabbusi boshqa davlatlarda ham bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha qonunchilik choralari kuchayib borayotgan bir paytda ilgari surilmoqda.
Xususan, Yevropa Ittifoqi yoz mavsumidan so‘ng bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklovchi qonunchilik tashabbusini taqdim etishini ma’lum qilgan. Avstraliya esa 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlatga aylangan.
Avvalroq, Ozarbayjonda ham 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
